Yangiliklar

Davlat manfaatlari va so‘z erkinligini himoya qilish - muvozanat bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekistonda media va kontentni tartibga solish ham davlat manfaatlarini, ham jurnalistlar huquqlarini himoya qilishni hisobga olishi kerak bo‘lgan muhim huquqiy jihatlar bilan bog‘liq. Mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjatlar – bu Konstitutsiya, "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonun, shuningdek, "Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida"gi qonun, "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi, va "Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar.
Ushbu hujjatlar axborot erkinligini ta’minlaydi, lekin shu bilan birga milliy xavfsizlikni himoya qilishga qaratilgan muhim cheklovlarni ham belgilaydi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi OAV erkinligining asosiy huquqini mustahkamlaydi. Ta’kidlash joizki, davlat axborot olish va tarqatish erkinligini, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining e’lon qilinayotgan axborotning haqqoniyligi uchun mas’uliyatini kafolatlaydi. Senzura taqiqlangan. Konstitutsiyaga ko’ra, OAV faoliyatiga aralashish ham javobgarlikka sabab bo'ladi. Amaldagi Jinoyat kodeksida jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni aniq tavsiflovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddalar mavjud emas. Biroq 2021 yilda taqdim etilgan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan 184-modda kiritilgan. Bunday harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Ayni paytda loyiha muhokama qilinmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu muhokama doirasida qonun hujjatlariga so‘z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa o‘zgartishlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Ammo ushbu o‘zgartirishlarni qabul qilishning aniq muddatlari hozircha belgilanmagan.
Axborot tarqatishni cheklashlarga, masalan, O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini yoki hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilishga da’vat qilish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni taqiqlash kiradi. Shuningdek, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatishga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilishga, shuningdek pornografiyani targ‘ib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu normalar "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.
Legalclinic,uz sayti "Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan yangiliklar haqida avvalroq yozgan edi.
“Milliy xavfsizlik” tushunchasi ancha keng. Bu davlat, jamiyat va fuqarolarning ichki va tashqi tahdidlardan himoyalanganlik holati bo‘lib, mamlakatning barqaror rivojlanishini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va jamoat tartibini ta’minlaydi. Milliy xavfsizlik keng ko’lamli sohalarni qamrab oladi. Biz ulardan faqat bittasi haqida gapiramiz. Axborot xavfsizligi to‘g‘risida. "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq "axborot xavfsizligi" tushunchasi uch turga bo‘linadi. Bu shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligidir.
Masalan, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi Qonunning 14-15-moddalarida:

Jamiyatning axborot xavfsizligiga quyidagilar orqali erishiladi:

● demokratik fuqarolik jamiyati asoslari rivojlantirilishini, ommaviy axborot erkinligini ta’minlash;

● qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik;

● jamiyatning ma’naviy, madaniy va tarixiy boyliklarini, mamlakatning ilmiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatini asrash hamda rivojlantirish;

● milliy o‘zlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy an’analar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish.

Davlat axborot xavfsizligi quyidagi yo’llar bilan ta’minlanadi:

● axborot sohasidagi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi harakatlar yuzasidan iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;

● davlat sirlarini saqlash va davlat axborot resurslarini ulardan ruxsatsiz tarzda foydalanilishidan muhofaza qilish;

● O‘zbekiston Respublikasining jahon axborot makoniga va zamonaviy telekommunikatsiya tizimlariga integratsiyalashuvi;

● O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hududiy yaxlitligini, suverenitetini buzishga, hokimiyatni bosib olishga yoki qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoxud tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga va davlat tuzumiga qarshi boshqacha tajovuz qilishga ochiqdan-ochiq da’vat etishni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishidan himoya qilish;

● urushni va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qilishni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovat uyg‘otishga qaratilgan terrorizm va diniy ekstremizm g‘oyalarini yoyishni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish.
Yuqoridagi normalar, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar misolida ko‘rishimiz mumkinki, O‘zbekiston qonunchiligida aniq va ravshan tushunchalarning mavjudligi bilan bir qatorda, ba’zi baholash normalari yoki talqin qilishni talab qiladigan mavhum, subyektiv toifalarni o‘z ichiga olgan normalar mavjud. Bu esa ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishini qiyinlashtiradi, chunki e’lon qilinayotgan axborot davlat yoki jamoat xavfsizligiga tahdid ekanligini oldindan aniqlash qiyin.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, media makonni samarali tartibga solish mumkin. Masalan, Avstraliyada siyosiy ahamiyatga ega materiallar uchun moliyalashtirish manbalarini oshkor qilishni talab qiladigan qonun mavjud bo‘lib, bu tashqaridan aralashuvdan qochishga yordam beradi. AQShda sud amaliyoti orqali ("Schenck v. United States", 1919-yil), "aniq va haqiqiy xavf" tushunchasiga aniqlik kiritildi, bu axborot qachon xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligini yahshiroq aniqlashga imkon beradi. Ushbu misollar batafsil va aniq qonunchilik normalari va sud pretsedentlari xavfsizlik va so'z erkinligi o’rtasidagi muvozanatni topishga qanday yordam berishini ko’rsatadi.
Global xavf-xatarlar sharoitida milliy xavfsizlik ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Biroq, uni himoya qilish choralari jurnalistlarning huquqlari va OAV erkinligini cheklamasligi muhimdir. Qonuniylik va inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillariga to‘liq rioya qilish ushbu muvozanatni saqlab qolish imkonini beradi.
Muallif: Abdramanov Farxod
Agar sizda o‘z huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar paydo bo‘lsa yoki professional yordam kerak bo‘lsa, bepul yuridik maslahat olish uchun media yuristlarga murojaat qiling. Legalclinic.uz mutaxassislari sizning vaziyatingizning huquqiy jihatlarini tushunishga va tegishli yechimlarni taklif qilib yordam berishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savollarni anonim tarzda yuborishingiz mumkin. Malakali yordam olish uchun bugun bizga murojaat qiling!