Ochiq foydalanish — erkin foydalanish degani emas. Raqamli huquqlar haqidagi beshta mif
Nega internet foydalanuvchilari o‘zlari bilmagan holda mualliflik huquqlarini buzishda davom etmoqdalar
Raqamli texnologiyalar axborotni yaratish va tarqatishni deyarli bir zumda amalga oshirishga imkon berdi. Suratni saqlash, yozishmani uzatish, videoni yuklab olish yoki sun’iy intellekt yordamida rasm yaratish uchun bir necha soniya kifoya. Biroq buni amalga oshirishning texnik imkoniyati bunday harakatlarning qonuniy ekanligini aslo anglatmaydi.
Bugungi kunda mualliflik huquqlarining aksariyat buzilishi ataylab emas, balki uzoq vaqtdan beri o‘ziga xos "internet qoidalari"ga aylanib qolgan barqaror tasavvurlar tufayli sodir etilmoqda. Foydalanuvchilarning fikricha, Google’dan olingan fotosuratdan erkin foydalanish mumkin, ijtimoiy tarmoqdagi ochiq profil tasvirlarni tarqatishga rozilik bildirishni anglatadi, birovning suratini qayta ishlagandan so‘ng esa u yangi asarga aylanadi.
Muammo shundaki, bu e’tiqodlarning hech biri zamonaviy huquqiy tartibga solishga mos kelmaydi.
Intellektual mulk sohasidagi xalqaro huquq tamoyili boshqacha: muallif asar qayerda e’lon qilingan bo‘lishidan qat’i nazar - kitobda, gazetada, ijtimoiy tarmoqda yoki istalgan internet manbasida - o‘z huquqlarini saqlab qoladi. Bu yondashuv 1886-yildagi Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasida, 1996-yildagi BIMTning mualliflik huquqi bo‘yicha shartnomasida, TRIPS bitimida, shuningdek, aksariyat davlatlarning, jumladan O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida mustahkamlangan.
Bugungi kunda huquqiy xavf-xatarlarga olib kelayotgan eng keng tarqalgan xatolarni ko‘rib chiqamiz.
1- mif. Agar fotosurat ochiq foydalanishda bo‘lsa, undan erkin foydalanish mumkin
Bu, ehtimol, raqamli davrning eng keng tarqalgan noto‘g‘ri tasavvuridir. Tasvir brauzer orqali bemalol ochilayotgan bo‘lsa, undan hamma foydalanishi mumkin degan fikr bir qarashda mantiqiy tuyuladi. Ammo huquqiy nuqtai nazardan vaziyat mutlaqo boshqacha.
Ochiq foydalanish asarni faqat ko‘rish imkoniyati mavjudligini anglatadi. Bunda muallifning mutlaq (eksklyuziv) huquqlari to‘liq saqlanib qoladi. Muallif o‘z asaridan kim, qanday tartibda va qanday maqsadlarda foydalanishi mumkinligini belgilash huquqiga ega.
Shu bois qidiruv tizimi orqali topilgan surat avtomatik ravishda jamoat mulki (public domain) maqomiga ega bo‘lib qolmaydi. Google, Bing va boshqa qidiruv tizimlari internetdagi sahifalarni faqat indekslaydi, biroq ularda joylashtirilgan kontentning huquqiy maqomini o‘zgartirmaydi.
Bern konvensiyasining 9-moddasiga ko‘ra, muallif o‘z asarini takrorlashga ruxsat berish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega. Shunga o‘xshash yondashuv BIMTning mualliflik huquqi bo‘yicha Shartnomasining 6 va 8-moddalarida ham mustahkamlangan bo‘lib, ular asarlarni tarqatish va Internet tarmog‘i orqali jamoatchilikka yetkazish tartibini belgilaydi.
Milliy darajada ushbu tamoyil O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunida mustahkamlangan. Mazkur qonunga ko‘ra, muallif asardan har qanday shaklda, jumladan raqamli muhitda foydalanish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega.
Boshqacha qilib aytganda, fotosuratni yuklab olish imkoniyati texnik jihatdan uni maqolada chop etish, reklamada foydalanish yoki ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish uchun qonuniy huquq borligini anglatmaydi.
2- mif. Muallifning ismi ko‘rsatilsa, undan foydalanish uchun ruxsat olish shart emas
Yana bir keng tarqalgan yanglish tushunchaga ko‘ra, ko‘pchilik shunchaki “Foto: Ivan Ivanov” deb yozib qo‘yishni yetarli deb hisoblaydi.
Amalda esa muallif nomini ko‘rsatish mualliflik huquqiga rioya qilishning elementlaridan biri, degan ma’noni anglatadi.
Zamonaviy qonunchilikda muallifning shaxsiy nomulkiy va uning mulkiy huquqlari bir-biridan farqlanadi.
Mualliflik huquqi asar yaratuvchisining uning muallifi sifatida tan olinishi kerakligini anglatadi. Biroq asardan foydalanish usullarini belgilashga doir mutlaq huquq mustaqil mulkiy huquq bo‘lib qolaveradi.
Aynan shuning uchun ham birovning suratini ruxsatsiz e’lon qilish, hatto muallifning ismi to‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda ham, huquqbuzarlik sanaladi.
Ushbu qoida muallifning o‘z muallifligini tan olishni talab qilish huquqini himoya qiluvchi Bern konvensiyasining 6-bis moddasida hamda shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarni ajratib beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunida mustahkamlab qo‘yilgan.
Boshqacha aytganda, muallifning ismini ko‘rsatish foydalanuvchining majburiyati hisoblanadi, biroq bu asardan erkin foydalanish uchun huquqiy asos bo‘la olmaydi.
3‑mif. Tasvir 20–30 foizga o‘zgartirilsa, u yangi asar hisoblanadi
Bu, shubhasiz, internetdagi eng “jonsevar” afsonalardan biridir.
Ko‘p yillar davomida foydalanuvchilar tasvirni ma’lum foizga o‘zgartirish - uni qirqish, ranglar gammasini o‘zgartirish yoki filtrlar qo‘shish - va u avtomatik ravishda yangi asarga aylanishi haqidagi qoidani bir-birlariga aytib kelishadi.
Aslida esa bunday qoida hech qachon mavjud bo‘lmagan.
Bern konvensiyasi ham, BIMT shartnomasi ham, O‘zbekiston qonunchiligida ham "20 foiz", "30 foiz" yoki boshqa har qanday foizdagi o‘zgartirishlar haqida qoidalar mavjud emas.
Sud amaliyotida bunday holatlar ko‘rib chiqilganda foizlar emas, balki yangi tasvirda asl asarning muhofaza etiladigan unsurlari saqlanib qolgan‑qolmaganligi baholanadi.
Agar ular saqlanib qolgan bo‘lsa, hosila asar haqida so‘z borishi mumkin va undan foydalanish uchun ham huquq egasining roziligi talab etiladi.
Shu sababli, yorqinlikni o‘zgartirish, kadrni kesish, filtrlarni qo‘llash yoki qisman retush qilish o‘z-o‘zidan mualliflik huquqining amal qilishini to‘xtatmaydi.
Bu, ayniqsa, ko‘plab servislar mavjud tasvirlarni avtomatik tarzda o‘zgartirib beradigan generativ sun’iy intellekt davrida juda dolzarbdir.
4- mif. Ochiq profil fotosuratlardan foydalanishga rozilikni anglatadi
Ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi foydalanuvchilarning maxfiylik haqidagi tasavvurlarini sezilarli darajada o‘zgartirdi.
Ko‘pchilikning fikricha, agar odam ochiq akkauntga fotosuratni o‘zi joylashtirgan bo‘lsa, uni boshqa saytda bemalol qayta joylashtirish, OAV nashrlarida yoki reklama materiallarida foydalanish mumkin.
Biroq akkauntning ochiqligi foydalanuvchining faqat o‘zi tanlagan platforma doirasida ushbu ma’lumotlarni ko‘rishga rozilik berganini anglatadi. Bu esa tasvirdan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki uni boshqa resurslarda tarqatishga avtomatik ravishda rozilik berilganini bildirmaydi.
Bundan tashqari, bu holatda bir vaqtning o‘zida bir nechta huquqiy tartib-taomillar qo‘llaniladi.
Birinchisi - agar surat mualliflik huquqi bilan himoyalangan asar hisoblansa, u mualliflik huquqi bilan bog‘liq.
Ikkinchisi - fuqaroning o‘z tasviridan foydalanish ustidan nazorat qilish huquqi hamda shaxsiy hayotni himoya qilish bilan bog‘liq.
Uchinchisi esa shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan bog‘liq.
Shaxsiy hayot daxlsizligini hurmat qilish huquqi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 17-moddasida mustahkamlangan. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning xalqaro standartlari Yevropa Kengashining 108+ konvensiyasi va Yevropa Ittifoqining Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy reglamentida (GDPR) yanada rivojlantirildi.
O‘zbekistonda tegishli kafolatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonunda belgilangan.
Shuning uchun ochiq profil o‘z-o‘zidan boshqalarga u yerda joylashtirilgan fotosuratlardan erkin foydalanish huquqini bermaydi.
5-mif. Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni tekshiruvsiz joylash mumkin
Generativ sun’iy intellektning ommalashuvi huquqiy talqinlarda butunlay yangi toifa bo‘lgan xatolik va noto‘g‘ri tushunchalarni yuzaga chiqardi.
Ba’zi foydalanuvchilar agar matn yoki tasvir neyrotarmoq tomonidan yaratilgan bo‘lsa, u avtomatik ravishda har qanday huquqiy cheklovlardan xoli deb hisoblashadi.
Bugungi kunda bunday yondashuv haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Birinchidan, foydalanuvchi huquqlarining hajmi muayyan xizmatdan foydalanish shartlari bilan belgilanadi. Aynan ular yaratilgan kontentga nisbatan foydalanuvchi qanday huquqlarga ega bo‘lishini belgilaydi.
Ikkinchidan, sun’iy intellekt uchinchi shaxslarning huquqlariga daxldor bo‘lgan materiallarni yaratishga qodir. Yaratilgan rasm boshqalarning asarlari, savdo belgilari yoki dizayn obyektlarining taniqli elementlarini aks ettirishi mumkin. Matnda noto‘g‘ri ma’lumotlar, huquqiy tahlildagi xatolar yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun ham generatsiya natijasidan keyinchalik foydalanish mas’uliyati, odatda, uni e’lon qilishga qaror qilgan shaxs zimmasida bo‘ladi.
So‘nggi yillarda davlatlar bunday texnologiyalarini tartibga solish bo‘yicha maxsus yondashuvlarni shakllantira boshladi. Natijada, 2024-yilda Yevropa Kengashi sun’iy intellekt, inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi masalalarini tartibga soluvchi Asosiy konvensiyani imzolash uchun ochdi. Yevropa Ittifoqi esa sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishda xavf darajasiga asoslangan tartibni belgilovchi Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi reglamentni (AI Act) qabul qildi.
Ushbu hujjatlar o‘rtasidagi farqlarga qaramay, ularni umumiy tamoyil birlashtiradi: sun’iy intellektni qo‘llash insonni yoki tashkilotni tegishli texnologiyalardan foydalanish oqibatlari uchun huquqiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
Raqamli texnologiyalarning keng tarqalishi axborotni yaratish va undan foydalanish usullarini tubdan o‘zgartirdi, biroq huquqning asosiy tamoyillarini bekor qilmadi.
Mualliflik huquqi bilan bog‘liq eng ommabop afsonalarning aksariyati internetning texnik imkoniyatlari foydalanuvchilarning huquqiy savodxonligiga nisbatan ancha tez rivojlangani sababli paydo bo‘lgan. Suratni yuklab olish, videoni saqlash yoki matndan nusxa ko‘chirish imkoniyati ko‘pincha undan foydalanishga ruxsat sifatida qabul qilinadi. Aslida esa texnik imkoniyat va huquqiy ruxsat mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalardir.
Bugungi kunda foydalanuvchilar, jurnalistlar, blogerlar, davlat organlari va biznes vakillari raqamli muhit huquqiy tartibga solishdan xoli makon emasligini yaxshi anglab yetishlari muhim. Aksincha, aynan shu muhitda mualliflik huquqi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shaxsiy hayot daxlsizligi hamda sun’iy intellektni tartibga solishga oid huquqiy normalar tobora ko‘proq o‘zaro kesishmoqda.
Shu bois raqamli huquqning asosiy tamoyili o‘zgarmaydi: axborotning ochiq bo‘lishi undan erkin foydalanish mumkinligini anglatmaydi. Ana shu farqni anglash zamonaviy raqamli huquqiy madaniyatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir.