Янгиликлар

Bir haftadan so’ng regulation.gov.uz portalida O’zbekiston Respublikasining Axborot kodeksi muhokamasi muddati tugaydi

2022 yil 14 dekabr kuni regulation.gov.uz Loyihalar va normativ-huquqiy aktlarni muhokama qilish portalida O’zbekiston Respublikasining Axborot kodeksi muhokamaga qo’yildi. Muhokama muddati 2022 yil 29 dekabr kuni tugaydi.
2022 yil yanvarida OAVda O’zbekistonda axborot sohasini tartibga soluchi yagona tizimlashtirilgan loyiha ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Bunday normativ hujjatning ishlab chiqilishi 2022 yildagi “2022-2026 yillarda taraqqiyot Strategiyasini amalga oshirish”Yo’l xaritasi”da belgilangan edi.
Axborot sohasidagi qonunchilik zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilishi ta’kidlangan edi. Maqsadlardan biri sifatida axborot sohasidagi amaldagi qonunlarni bir hujjat – O’zbekiston Respublikasi Axborot kodeksiga birlashtirish ko’rsatilgan edi.
Bundan tashqari, hujjat Internetda shaxsga doir va maxfiy ma’lumotlarni oshkor etish bilan bog’liq shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini buzish holatlarini bartaraf etishi kutilmoqda.
14 dekabr kuni hujjat muhokama uchun e’lon qilindi. Kodeks 131 moddadan iborat bo’lib, o’zida bir qator yangi konsepsiyalarni mujassam etgan.
Axborot kodeksida “bloger” tushunchasiga ta’rif berildi.
bloger — Internet jahon axborot tarmogʼidagi oʼz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʼlgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.
Kodeksning 45-moddasi alohida e’tiborga molik:
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʼlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʼidagi oʼz veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan:
Oʼzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʼrlik bilan oʼzgartirishga daʼvat etish;
  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zoʼravonlik qilishga, shuningdek belgilangan tartibni buzgan holda oʼtkaziladigan yigʼilishlar, mitinglarda, koʼcha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga daʼvat qilish, shuningdek mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʼon axborot tarqatish;
  • urush, zoʼravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʼoyalarini targʼib qilish;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʼzgʼatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʼsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʼl qoʼyuvchi axborotni tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targʼib qilish;
  • pornografiyani, zoʼravonlikni va shafqatsizlik, bir jinslilar oʼrtasidagi gʼayritabiiy aloqalarni targʼib qilish, shuningdek oʼz joniga qasd qilishga daʼvat etish;
  • fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va (yoki) sogʼligʼiga yoxud oʼzga shaxslarning hayotiga va (yoki) sogʼligʼiga tahdid soluvchi gʼayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish;
  • qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʼladigan oʼzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʼl qoʼymasligi shart.

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger:

  • hamma erkin foydalanishi mumkin boʼlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʼidagi oʼz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʼlgan axborot joylashtirilguniga qadar uning toʼgʼriligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning notoʼgʼriligi aniqlangan taqdirda, uni darhol oʼchirib tashlashi;
  • hamma erkin foydalanishi mumkin boʼlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʼidagi oʼz veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalari yoxud boshqa axborot resursining, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida koʼrsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirishi;
  • ushbu moddaning birinchi qismida koʼrsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, darhol mazkur axborotni oʼchirib tashlash choralarini koʼrishi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda, mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan foydalanish Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda cheklanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan talablarni buzganlik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʼladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmaganligi natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxslar oʼz huquqlarini, shaʼni, qadr-qimmatini va ishchanlik obroʼsini himoya qilish uchun, shu jumladan zararning oʼrnini qoplash, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʼgʼrisidagi daʼvolar bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.

O’zbekiston Respublikasi Axborot kodeksi 29 dekabrga qadar muhokama uchun ochiq.