«Men o‘zimni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirdim»: raqamli makondan haqiqatan ham yo‘qolish mumkinmi?
Instagramni o‘chirish, eski akkauntni yopish, fotosuratlarni joylashtirishni to‘xtatish va bir necha hafta davomida ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish — ko‘pchilik uchun doimiy axborot oqimidan dam olishning bir usuli. Ammo bunday qarorning kamroq gapiriladigan boshqa tomoni ham bor: inson o‘zi haqidagi ma’lumotlarni internetga joylashtirgandan so‘ng ularni qay darajada nazorat qila oladi?
Akkauntni o‘chirish u bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarning avtomatik ravishda yo‘qolishini anglatmaydi. Ma’lumotlarning bir qismi boshqa foydalanuvchilarda, uchinchi tomon resurslarida yoki turli axborot tizimlarida saqlanib qolishi mumkin.
Shu bois raqamli detoks faqat psixologik qulaylik masalasi emas. Bu, shuningdek, insonning raqamli makondagi huquqlari qanday ekanini va o‘ziga doir ma’lumotlar ustidan nazorati qayerda tugashini anglab olish uchun ham muhim imkoniyatdir.
Telefon kuniga sakkiz soat vaqt olganda
Jurnalistika fakulteti talabasi Farzonaning aytishicha, avvallari sutkasiga sakkiz-to‘qqiz soat vaqtini telefonda o‘tkazgan. Ertalabni bildirishnomalarni tekshirishdan boshlar, uxlashdan oldin esa soatlab Instagram sahifalarini varaqlardi.
Vaqt o‘tishi bilan qiz o‘qishga diqqatini jamlash qiyinlashib borayotganini sezdi. Uy vazifalarini tayyorlash paytida u muntazam ravishda xabarlar va yangi postlarga chalg‘ir, imtihonlarga tayyorgarlik esa tobora ko‘proq vaqt oladigan bo‘ldi.
Bir payt Farzona Instagram ilovasini bir necha haftaga o‘chirib tashlashga qaror qildi. Uning aytishicha, shundan so‘ng o‘qishga diqqatni jamlash osonlashib, kamroq chalg‘igan.
Ijtimoiy tarmoqlarning boshqa bir foydalanuvchisi ham shunga o‘xshash tajribani boshdan kechirdi. U bir hafta davomida odatiy raqamli faoliyatidan deyarli butunlay voz kechdi. Eng qiyini dastlabki kunlar bo‘ldi: bir necha yil davomida unda uyg‘onishi bilan xabarlarni, ijtimoiy tarmoqlarni va yangiliklarni tekshirish odati shakllangan edi.
Keyinchalik u atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga e’tiborliroq bo‘lib, jonli muloqotga ko‘proq vaqt ajratayotganini payqadi.
“Men ohangga, qarashlarga va noverbal imo-ishoralarga e’tibor bera boshladim. Ijtimoiy tarmoqlar orqali buni his qilib bo‘lmaydi,” deydi u.
Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi internetda ham amal qiladi
Insonning ijtimoiy tarmoqdan ixtiyoriy ravishda foydalanishi uning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqidan avtomatik ravishda voz kechishini anglatmaydi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasi har kimning shaxsiy hayoti daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqini kafolatlaydi. Konstitutsiyaviy himoya, shuningdek, yozishmalar, telefon so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlarning sir tutilishiga ham taalluqlidir.
Bundan tashqari, Konstitutsiya insonning o‘ziga doir ma’lumotlarini himoya qilish va o‘zi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni tuzatishni talab qilish huquqini ham belgilaydi.
Bu, ayniqsa, raqamli muhitda muhimdir. Shaxsning fotosurati, telefon raqami, ish joyi, o‘qishi haqidagi ma’lumotlar va boshqa ko‘plab ma’lumotlar muayyan sharoitlarda muayyan shaxsni identifikatsiya qilish imkonini beradi va uning shaxsiy ma’lumotlariga tegishli bo‘lishi mumkin.
Bunday axborot bilan ishlashning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni bilan belgilanadi. Qonun shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, ulardan foydalanish, taqdim etish, tarqatish va ular bilan bog‘liq boshqa amallarni tartibga soladi.
Shu sababli «bu ma’lumot internetda allaqachon mavjud — demak, undan erkin foydalanish mumkin» degan yondashuv huquqiy jihatdan noto‘g‘ri.
Ochiq profil barcha huquqlardan voz kechishni anglatmaydi
Keng tarqalgan xatolardan biri — ochiq akkauntda fotosurat yoki boshqa ma’lumotlarni e’lon qilgandan so‘ng, ular avtomatik ravishda “jamoat mulki”ga aylanadi, deb hisoblashdir.
Unday emas.
Sahifaning ochiqligi, eng avvalo, foydalanuvchi ma’lum bir ma’lumotni noma’lum doiradagi shaxslar ko‘rishi uchun ochiq qilganligini anglatadi. Ammo bundan u haqidagi har qanday ma’lumotdan har qanday usulda foydalanishga so‘zsiz ruxsat berilishi kelib chiqmaydi.
Masalan, bir vaziyat — odamning fotosuratini uning ochiq profilida ko‘rish. Boshqasi esa — uni saqlash, uning asosida boshqa birovning hisobini yaratish yoki shaxsiy ma’lumotlar bilan birga boshqa kontekstda foydalanish.
Huquqiy baho qanday ma’lumotlardan foydalanilayotganiga, ular qay tarzda olinganiga, qanday maqsadda foydalanilayotganiga va buning uchun qonuniy asoslar bor-yo‘qligiga bog‘liq.
Ma’lumotlaringiz internetda roziligingizsiz paydo bo‘lsa, nima qilish kerak?
Agar internetda o‘zingiz e’lon qilmagan shaxsiy suratlaringiz, telefon raqamingiz, manzilingiz, o‘qish yoki ish joyingiz haqidagi ma’lumotlarni yoxud boshqa shaxsiy axborotni ko‘rib qolsangiz, avvalo, ushbu holatni qayd etib qo‘ying. Havolani saqlang, skrinshotlar oling va ma’lumotni topgan sanangizni yozib qo‘ying — agar material keyinchalik o‘chirib tashlansa, bular sizga kerak bo‘lishi mumkin.
Shundan so‘ng sahifa egasiga yoki sayt ma’muriyatiga murojaat qilib, axborotni o‘chirishni hamda uning qanday asosga ko‘ra e’lon qilinganini tushuntirishni talab qilishingiz mumkin. Agar ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan bo‘lsa, shikoyat yuborishning o‘rnatilgan mexanizmidan foydalanish ham o‘rinlidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuni har bir insonga o‘zining shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berilayotganini bilish hamda qanday ma’lumotlarga va nima asosida ishlov berilayotgani haqida axborot olish huquqini beradi. Qonun, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilishga oid talablarni ham belgilaydi.
Shu bilan birga, rozilikning yo‘qligi nashrning noqonuniy ekanini har doim ham anglatmaydi: qonunchilikda ma’lumotlarga boshqa qonuniy asoslarga ko‘ra ham ishlov berilishi mumkin bo‘lgan holatlar nazarda tutilgan. Shu sababli axborotning mazmuni, uni olish manbasi, e’lon qilishdan maqsad va shart-sharoitlar muhim ahamiyatga ega.
Agar ma’lumotlarni ixtiyoriy ravishda o‘chirishdan bosh tortishsa va siz o‘z huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, yuridik maslahat olishingiz va himoyalanishning keyingi usulini, jumladan, vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish imkoniyatini aniqlashtirishingiz mumkin.
Shaxsiy yozishmalar-chi?
Messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkabroq.
Xabarni olgan odam texnik jihatdan bir necha soniya ichida skrinshot olishi mumkin. Ammo bunday texnik imkoniyat xususiy yozishmalar mazmunini avtomatik ravishda ommaviy axborotga aylantirmaydi.
Elektron va boshqa xabarlar sirining konstitutsiyaviy kafolati xususiy kommunikatsiyaning huquqiy himoyada ekanini anglatadi.
Ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlar, shaxsiy yoki oilaviy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoxud boshqa nozik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozishmalarni e’lon qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.
Boshqacha aytganda, "xabarni menga yuborishdi — demak, men u bilan xohlagan ishimni qila olaman" qoidasi vaziyatni juda soddalashtiradi.
Shaxsiy xabar boshqalarga yuborilsa-chi?
Xabarni olish avtomatik ravishda uni erkin tarqatish huquqini olishni anglatmaydi. Bu guruh chatlariga yuboriladigan yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadigan shaxsiy yozishmalarning skrinshotlariga ham tegishli. Bunda har bir jo‘natish ham qoidabuzarlik hisoblanmaydi: xabarning mazmuni, uzatish maqsadi va unda shaxsiy ma’lumotlar yoki shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarning mavjudligi muhim ahamiyatga ega.
Agar yozishmalaringiz roziligingizsiz e’lon qilingan yoki boshqalarga yuborilgan bo‘lsa, skrinshotlar va tarqatilganini tasdiqlovchi boshqa dalillarni saqlab qo‘ying, materialni o‘chirishni so‘rang, zarur bo‘lsa, platformaning shikoyat yuborish mexanizmidan foydalaning. Agar e’lon shaxsiy hayotingizga daxldor bo‘lsa yoki shaxsga doir ma’lumotlaringiz oshkor qilingan bo‘lsa, huquqlaringizni himoya qilish usulini tanlash uchun yuridik maslahat olishingiz mumkin.
O‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni internetdan butunlay o‘chirib tashlash mumkinmi?
Amalda bu shunchaki "Hisobni o‘chirish" tugmasini bosishdan ancha murakkabroq.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yillari davomida inson haqidagi ma’lumotlar turli joylarda bo‘lishi mumkin. Suratlar boshqa foydalanuvchilar tomonidan saqlangan bo‘lishi mumkin, xabarlar suhbatdoshlarda qoladi, ism boshqalarning postlarida tilga olinishi mumkin, ayrim ma’lumotlar esa turli xizmatlarning ma’lumotlar bazalarida bo‘lishi mumkin.
Shu sababli, hisobni o‘chirish va raqamli izni o‘chirish o‘rtasida muhim farq mavjud.
Birinchisi muayyan xizmat doirasida amalga oshiriladigan aniq harakatni anglatadi. Ikkinchisi esa ancha ko‘proq harakatlarni talab qilishi mumkin va uni har doim ham to‘liq amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi.
Bunda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari shaxsga doir ma’lumotlar subyektiga o‘zi haqidagi axborotni nazorat qilishning muayyan vositalarini beradi. Shaxs o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olishga va ularni qayta ishlashning qonunda belgilangan qoidalariga rioya etilishini talab qilishga haqli.
Foydalanuvchi o‘zining qaysi shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berilayotgani haqida ma’lumot so‘rash, ularni o‘zgartirishni, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa qayta ishlashni to‘xtatib turish yoki yo‘q qilishni talab qilish huquqiga ega. Buning uchun shaxsiy ma’lumotlar bazasining egasi yoki operatoriga murojaat qilish mumkin. Agar talablar bajarilmasa, shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liq harakatlar ustidan vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tishdan oldin shartnoma tuzamiz, lekin uni kamdan-kam o‘qiymiz
Foydalanuvchilar ko‘pincha e’tibor bermaydigan yana bir huquqiy jihat bor.
Ijtimoiy tarmoq yoki boshqa internet xizmatida ro‘yxatdan o‘tish odatda foydalanuvchi shartnomasi va maxfiylik siyosatini qabul qilish bilan birga amalga oshiriladi. Aynan shu hujjatlarda xizmat qanday ma’lumotlarni to‘plashi, ular nima uchun kerakligi, qancha vaqt saqlanishi va belgilangan hollarda kimga uzatilishi mumkinligi ko‘rsatiladi.
Muammo shundaki, aksariyat foydalanuvchilar bunday hujjatlarni deyarli o‘qimasdan avtomatik ravishda qabul qiladilar.
Ammo yuridik nuqtayi nazardan "Roziman" tugmasini bosish aniq oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun bugungi kunda raqamli savodxonlik faqat ilovalardan foydalana olishdan iborat emas. U xizmat qanday ma’lumotlarni olishi va inson ularni qanday shartlar asosida qayta ishlashga ruxsat berishi haqida hech bo‘lmaganda asosiy tushunchani nazarda tutadi.
Eng muhimi — o‘z ma’lumotlaringiz ustidan nazoratni saqlash.
Zamonaviy inson uchun raqamli makondan butunlay voz kechish tobora qiyinlashib bormoqda. Ta’lim, ish, davlat xizmatlari, bank operatsiyalari va kundalik muloqotning katta qismi onlayn shaklga o‘tdi. Shu sababli masala endi internetdan foydalanish yoki foydalanmaslikda emas, balki undan qanchalik ongli foydalanishimizda.
Raqamli xavfsizlik e’lon qilingan ma’lumotlar vaqt o‘tib ham muayyan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yodda tutishni talab qiladi. Turli mamlakatlarda eski postlar va izohlar, agar ularning mazmuni amaldagi taqiqlarga to‘g‘ri kelgan va javobgarlikka tortish muddatlari hali o‘tmagan bo‘lsa, jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas: qonunchilikda, xususan, taqiqlangan kontentning ayrim turlari va uni tarqatganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Shu sababli bir necha yil o‘tgach e’lonni o‘chirib tashlashning o‘zi barcha mumkin bo‘lgan huquqiy oqibatlar yo‘qolganini anglatmaydi.
Ilovani bir necha soniyada o‘chirib tashlash mumkin. Yillar davomida shakllangan raqamli izni esa o‘chirib tashlash ancha qiyin.
Aynan shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar davrida shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqi alohida ahamiyat kasb etadi. Inson o‘zi haqidagi qancha ko‘p ma’lumotni raqamli makonga olib kirsa, shunchalik muhim bir narsani anglash kerak: onlayn hayotning qulayligi uning o‘zi haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni nazorat qilish huquqini bekor qilmaydi.
Chek-list: akkauntni o‘chirishdan oldin nimalarni tekshirish kerak
- Maxfiylik sozlamalari — postlaringiz, fotosuratlaringiz va shaxsiy ma’lumotlaringizni kimlar ko‘ra oladi.
- Begona ilovalarning ruxsati — qaysi servislar akkauntingiz va ma’lumotlaringizdan foydalana oladi.
- Eski postlar — endi oshkor qilishni istamaydigan ma’lumotlaringiz ochiq qolmaganiga ishonch hosil qiling.
- Faol seanslar — akkauntingizga qaysi qurilmalardan kirilgan.
- Akkauntni o‘chirish shartlari — ma’lumotlar to‘liq o‘chiriladimi yoki profil faqat faolsizlantiriladimi, aniqlang.
- Zaxira nusxalari — akkaunt o‘chirilganidan keyin xizmat qaysi ma’lumotlarni saqlashda davom etishi mumkin.
Boshqalarning ma'lumotlarini xavfsiz e'lon qilish
Birovning fotosurati, yozishmasi yoki shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilishdan oldin, o‘sha insonning roziligini olish hamda nima va qayerda e’lon qilinishini oldindan tushuntirish lozim. Agar nashr uchun ism, telefon raqami, manzil, ish joyi yoki shaxsni aniqlash imkonini beradigan boshqa ma’lumotlar talab etilmasa, ularni yashirgan ma’qul.
Yozishma skrinshotlarini e’lon qilayotganda suhbatdoshning ismi va suratini, telefon raqamini, nikneymini va uni aniqlash mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni yopib qo‘yish kerak. Shu bilan birga, shaxsni anonimlashtirish ham har doim muammoni hal qilavermaydi: agar xabar mazmuni shaxsiy hayotga daxldor bo‘lsa yoki kontekstdan muallifni aniqlash oson bo‘lsa, uning roziligini olish yoki nashrdan voz kechish xavfsizroqdir.
Raqamli muhit har qanday ma’lumotga birgina tugma bosish orqali erishish mumkindek taassurot uyg‘otadi. Biroq ma’lumotning ochiqligi va undan keyinchalik foydalanishning qonuniyligi bir narsa emas.
Mualliflar: Shahobiddinova Arjumandbonu, Abdullayev Muslim