Янгиликлар

Blogerlar jazoga tortilgan huquqbuzarliklar TOP 5 taligi

Biz O’zbekistondagi bloger va jurnalistlar tajribasini tahlil qilib, mamlakat blogerlari tez-tez jazoga tortiladigan 5 ta moddani e’tiboringizga havola qilamiz.
140-modda. Haqorat qilish

Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Haqorat qilish:

a) jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;

b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
139-modda. Tuhmat

Tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Tuhmat:

a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab;

b) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda;

v) xavfli retsidivist tomonidan;

g) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
2446-modda. Yolg‘on axborot tarqatish

Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, ushbu Kodeksning 2441-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida;

b) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan holda;

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
165-modda. Tovlamachilik

Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) ko‘p miqdorda;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:

a) juda ko‘p miqdorda;

b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
277-modda. Bezorilik

Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bezorilik:

a) badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib:

b) bir guruh shaxslar tomonidan;

v) sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab;

g) o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan;

d) yosh bola, qariya, nogironligi bo‘lgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xo‘rlab;

e) ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bezorilik:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab;

v) ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda;

g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2023-02-26 19:57