Янгиликлар

"Activist" loyihasi muallifiga nisbatan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi qo'llandi

Activist loyihasi rahbari Hojiakbar Nosirov "diniy adovatni qo'zg'ovchi material" tarqatishda ayblanib, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosiga mahkum qilindi.
Hojiakbar Nosirov savdo qoidalariga rioya qilish to'g'risidagi videoroliklari bilan mashhur. Uning "Activist" nomli YouTube-kanaliga 500 000 dan ortiq foydalanuvchi obuna bo'lgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi loyiha sahifasiga 5 aprel kuni joylangan videoda u kamida 6 turli brendga tegishli va supermarketlarda sotilayotgan yogurt mahsulotlari tarkibida karmin ((E-120) ozuqaviy bo'yoq) mavjudligi sababli ular halol emasligini aytgan.
8 aprel kuni Hojiakbar Nosirov loyihasining Telegram-kanalida uning mazkur video uchun 15 sutkaga qamalgani ma'lum qilindi. O'zining kanalida bloger Shayxontohur tumani militsiya xodimlari materialni "bosim ostida" yiqqani, sud esa "bor-yo'g'i uch daqiqa" davom etganini aytgan.
Hojiakbar Nosirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-3- (milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni targ'ib qilivchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) hamda 194-moddalari (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)ga binoan ma'muriy bayonnoma tuzildi.
Toshkent shahar IIBB blogerning ushlanishi va unga nisbatan jazo chorasi qo'llanilishi yuzasidan izoh berdi.
"Videorolik muallifi, shaxsiy diniy qarashlariga asoslanib, tegishli mutaxassislardan fikr olmay, ba'zi yogurtlarning iste'mol qilinishi harom, deb aytgan".
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasiga binoan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek, 27-moddasiga muvofiq, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O'zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa, alohida shaxslarning o'z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o'zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo'l qo'yilmaydi, deyiladi IIBB xabarida.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi Qonunning 10-moddasiga asosan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Surishtiruv davomida Hojiakbar Nosirovga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Jinoyat ishlari bo'yicha Shayxontohur tuman sudi blogerga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosini tayinladi.
Manbalar: UzNews, Kun.uz