Янгиликлар

Deputat Muzaffar Jamolitdinov: "Shamda o'tirsang ham uyda o'tir, IIBni kamerasida emas"

Yangi Namangan tuman Xalq deputatlari Kengashi kotibiyati rahbari, deputat Muzaffar Jamolitdinov Facebookdagi sahifasida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini elektr energiyasi, gaz va yonilg'i quyish shahobchalaridagi navbatlar bilan bog'liq holatni tanqid qilmaslikka chaqiruvchi post joylashtirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev namanganlik hamkasbi fikrini tanqid qildi.
Fuqarolarni energiya ta'minotidagi muammolar haqida gapirtirmaslik, tinchlikni qadriga yetish uchun ularga qamoq bilan tahdid qilish demokratik jamiyatga xos bo'lmagan uslub. Achinarlisi, bunday bayonotlarning xalq saylagan xalq vakillaridan chiqishi hech bir qolipga sig’maydi. Bu kabi dunyoqarashga ega bilim va saviyasi past, saylovchilar manfaatini himoya qilmaydigan shaxslarning deputat maqomiga erishib kelayotganligi aslida eng katta fojiamizdir, - deb yozdi Kusherbayev.
Deputat fikri ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo'ldi. Troll.uz post skrinshotini "Ushbu kasal palatasini Internet tarmog'idan uzib qo'ying" izohi ostida bergan.
"В Стране O'z " telegram-kanali xabar berishicha, jamoatchilik tanqididan so'ng deputat o'z mulohazalarini izohlashni lozim topdi. Jamolitdinovning aytishicha, qamoqni misol qilib keltirishiga sabab, olti yil muqaddam u ham tergovga jalb qilingani va umrining 10 oyini tergov hibsxonasida o'tkazganidadir.
Jamolitdinov jazo muddati belgilandimi yoki u oqlandimi, buni aniqlashtirmadi. Deputat, tergov hibsxonasida o'tgan davr mobaynida hayotda hech narsa bunday vaziyat oldida ahamiyatga ega emasligini tushunganini ta'kidladi.
Biroz o'tgach, deputatning shov-shuvli posti Facebook ijtimoiy tarmog'idagi sahifasidan o'chirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab munozaralar mavzusiga aylangan fikrlar egasining deputatlik vakolatlari vaqtidan oldin tugatildi.