Янгиликлар

Orxus konvensiyasi. Atrof-muhit to'g'risidagi axborotni olish huquqi

Orxus konvensiyasi doirasida turli mamlakatlar tajribasi Toshkentda bo'lib o'tgan "Orxus konvensiyasi: yaxshi boshqaruv, sog'lom muhit va barqaror rivojlanish uchun jamoatchilikning samarali ishtiroki" Xalqaro davra suhbatida muhokama qilindi.
Tadbirda Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, shuningdek, 60dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, O'zbekiston va Orxus konvensiyasiga a'zo bo'lgan boshqa mamlakatlarning davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida jamoatchilik nazoratining, jamoatchilikka ishonchli axborot yetkazishning, axborot olish va so'z erkinligi, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokining roli haqida gap bordi.
Orxus konvensiyasi fuqarolar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining atrof-muhit masalalarini hal etishda rollarini oshirish maqsadida qabul qilinadi va partisipativ demokratiya tamoyillariga asoslanadi.
Orxus konvensiyasi fuqarolar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining atrof-muhit borasidagi bir qator huquqlarini belgilaydi.
Konvensiya tomonlari davlat organlari milliy, mintaqaviy va mahalliy darajalarda mazkur huquqlarning amalga oshirilishiga ko'mak berishlari uchun zaruriy chora-tadbirlarni ko'radi.
Orxus konvensiyasida quyidagilar nazarda tutiladi:

Ekologiya to'g'risidagi axborotni olish huquqi:
Fuqarolarning davlat organlari tasarrufida bo'lgan ekologik axborotni olish huquqi

Atrof-muhitga doir masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki:
Fuqarolarning atrof-muhit holatiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan reja va dasturlar, strategiya va qonunchilikni ishlab chiqishda ishtirok etish huquqi.

Adolatli suddan foydalanish huquqi:
Fuqarolarning axborotdan foydalanish yoki jamoatchilik ishtiroki borasidagi huquqlari poymol etilgan holatlarda ishni ko'rib chiqish protseduralarida ishtirok etish huquqi.

Orxus konvensiyasi tamoyillari demokratik qadriyatlar va so'z erkinligi va axborot olish huquqi bilan chambarchas bog'liq.
Ayni damda O'zbekiston Espo konvensiyasi, SEB Protokoli va Orxus konvensiyasiga a'zo emas, biroq ushbu xalqaro instrumentlarga a'zo bo'lishning maqsadga muvofiqligini ko'rib chiqyapti.