Янгиликлар

O’zbekistonda Telegram faoliyati cheklanadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda go'yoki O'zbekistonda Telegram messenjeridan foydalanishni cheklash masalasi ko'rib chiqilayotgani haqidagi xabarlar tarqadi.
Feyk yangiliklarni aniqlash bilan shug'ullanuvchi rasmiy kanal AntiFake.uz bu xabar dezinformatsiya ekanini ma'lum qildi.
Postda, shuningdek, Adliya vazirligi AOKA press-kotibi Sevara O'rinboyeva tashkil etgan brifingga havola berilgan bo'lib, u yerda yolg'on axborot tarqatish uchun javobgarlik to'g'risida so'z boradi:
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlab chiqaruvchi yoki raqobatchini obroʼsizlantirish yoxud iqtisodiy zarba berish maqsadida asoslanmagan, yolgʼon ovozli, foto va videoxabarlarni tarqatish Jinoyat kodeksining 192-moddasida belgilangan javobgarlik bilan jazolanadi;
Tuhmat, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida javobgarlik belgilangan;
Shuningdek, yolgʼon xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksining 102(1) moddasida shaxsning or-nomusi, shaʼni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʼsini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli maʼnaviy zarar yetkazilgan boʼlsa, yetkazuvchining aybidan qatʼiy nazar qoplanishi lozimligi koʼrsatib oʼtilgan;
Yolgʼon xabarlar tarqalishini oldini olish va uni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida 2020 yil 25 dekabrь kuni qabul qilingan OʼRQ 658-son Qonuni bilan yolgʼon axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 202 (ikki) moddasiga koʼra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʼon axborotni tarqatish, shu jumladan, OАV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʼida tarqatish BHMning 50 (11 mln 150 ming soʼm) baravaridan 100 (22 mln 300 ming soʼm) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244 (olti) moddasiga muvofiq maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming soʼm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.