Янгиликлар

Jurnalist va blogerlarning O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati

Jurnalistlar va jamoat faollari O‘zbekiston prezidentiga «yashirin, lekin kuchli senzura» yuzasidan murojaat qilishdi. Murojaat mualliflari davlat rahbaridan matbuotning tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashda tarixiy yordam berishini so‘rashdi. Murojaat matnini e’tiboringizga havola etamiz.
Jurnalistlar va jamoatchilik vakillarining O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaatnomasi

Muhtaram Prezident! 2016-yilda siz davlat rahbari boʻlishingiz bilan Oʻzbekistonda katta oʻzgarishlar boshlandi. Jumladan, xalqimiz uzoq vaqt va intiqlik bilan kutgan soʻz erkinligi, fikr erkinligi paydo boʻla boshladi. Bu orqali oʻtgan yillarda Oʻzbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllanib ulgurdi.

Ayni paytda, biz jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura ham bezovta qilyapti. Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy toʻsiqlar, bosimlar, qoʻrqitishlar saqlanib qolyapti.

Matbuot oʻzi istagan mavzuni koʻtara olmayapti. Jurnalistlar oʻzlari istagan ohangda vaziyatni koʻrsata olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga masʼul boʻlgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim qilib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini oʻzgartirish yoki bu axborotning toʻliq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda.

Janob prezident! Biz soʻz va fikr erkinligi orqali Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor emasmiz. Biz xavfsizlikni soʻz va fikr erkinligining poydevori sifatida koʻramiz. Lekin soʻz va fikr erkinligisiz taʼminlangan xavfsizlikni – noqis, zaif va vaqtinchalik xavfsizlik deb bilamiz.

Hurmatli Prezident, biz sizdan iltimos qilib, Oʻzbekistonda soʻz va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilishingizni, bu borada konstitutsiya va amaldagi qonun normalari toʻliq ishlashini, maʼlum davlat muassasalarining jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga bosimlarini toʻxtatishda yordam berishingizni soʻraymiz!

Biz Oʻzbekistonni kuchli, raqobatbardosh, halqaro maydonda obroʻli davlat sifatida koʻrishni istaymiz. Buning uchun, Oʻzbekistonda matbuot va soʻz erkinligi muttasil kuchayib borishi lozim. Ammo haligacha Oʻzbekiston matbuoti koʻrinmas, lekin jiddiy nazorat ostida ekanini achinarli va kelajak uchun xavfli vaziyat deb bilamiz.

Muhtaram Prezident, Oʻzbekistonda matbuotning tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlashda tarixiy yordam berishingizni iltimos qilamiz.

Murojaatnomani 41 nafar kishi imzoladi. Ular orasida deputatlar — Shoxrux Alibekov va Bobur Rasulev, jurnalistlar — Karim Baxriyev, Xamza Jumayev, Ilyos Safarov, Anora Sodiqova, Abdurahmon Tashanov va boshqalar, siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Gulsara Shermatova, «Demokratiya va inson huquqlari» nodavlat instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva, jamoatchilik faollari — filolog Eldor Asanov, Umida Haqnazar, Aziza Umarova, Muazzam Ibragimova, Obidjon Latipov, blogerlar — yurist Zafarbek Solijonov, Farrux Samarqandiy, Sardor Salim, Xudoyberdi Razzokov, Zafar Mardonov va boshqalar bor.
“Murojaat ijtimoiy tarmoqlarda ochiq tarzda eʼlon qilingach, boshqa faollar ham oʻz roziligiga koʻra uni qoʻllab-quvvatlashi mumkin” – deyiladi murojaat so’ngida.
Manbalar: Jurnalist Ilyos Safarov Telegram-kanali, Gazeta.uz