Янгиликлар

O'zbekistonda videokuzatuvning qonunchilik asoslari

O'zbekistonda jamoat joylarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash insonlarni hayron qoldirmay qoldi, lekin ko'pincha umumiy ovqatlanish korxonalariga, bog'larga, har qanday shaxsning tashrif buyurishi uchun ochiq boshqa joylarga tashrif buyurganimizda, biz ushbu joylarda roziligimizsiz yoki hatto bu haqda bizga xabar bermasdan videosuratga oladigan kameralar o'rnatilganligini sezmaymiz.

Bir tomondan, kameralarning va videotasvirning mavjudligi jinoyatlarni yoki huquqbuzarliklarni fosh qilishga yordam beradi va nizoli vaziyatlarda biznesni himoya qilishga imkon beradi. Boshqa tomondan, bu shaxsiy hayotning buzilishiga olib kelishi mumkin. Shunday qilib, jamoat joylarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash zarurati jismoniy shaxslarning shaxsiy hayotini himoya qilishni zaiflashtirishi mumkin.

Shu sababli ushbu masala O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida o'z aksini topishi lozim va mazkur materialda biz qonunchilikni o'rganishga, shuningdek, amaldagi qonunchilikni o'zgartirish bo'yicha takliflarni berishga harakat qilamiz.

O'zbekistonning amaldagi qonunchiligida davlat idoralari va tadbirkorlik subyektlariga tashrif buyuruvchilarga tegishli obyekt hududida foto va videotasvir olib borilayotganligi to'g'risida xabardor qilishni taqozo etadigan meyorlar mavjud emas. Ya'ni, biror inson har qanday umumiy ovqatlanish muassasasiga, davlat organiga, hiyobonga yoki boshqa jamoat joyiga tashrif buyurganida, ushbu turdagi obyektlar hududida xavfsizlikni ta'minlash uchun foto- yoki videosuratga olinishi mumkin. Biroq, hududda foto- yoki videosuratga olinayotganligi to'g'risida xabar berilmasligini jismoniy shaxsning shaxsiy hayotga daxlsizlik huquqini buzishi mumkin. Mazkur huquq insonning ajralmas huquqi bo'lib, nafaqat O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, balki 1948 yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (12-modda), shuningdek, 1966 yildagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt (17-modda) kabi inson huquqlari sohasidagi asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlar bilan ham kafolatlangan. Mazkur savollar huquqshunoslar tomonidan «Femida ko'r: karantin cheklovlari fuqarolarning huquqlarini qanday buzmoqda» nomli materialida allaqachon ko'tarilgan.

2020-yilda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka o'zgartishlar kiritish orqali ushbu masalaga oydinlik kiritish tashabbusi bilan chiqqan bo'lsa-da, bunday o'zgarishlar hali qabul qilinmagan. Ehtimol, tegishli o'zgarishlarning yo'qligi, shuningdek, bir necha yillardan buyon O'zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilayotgani bilan bog'liq bo'lib, unda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti daxlsizligiga oid o'zgarishlarning aksariyati aks ettirilishi kerak.

Mazkurmasalada biz, bir tomondan, davlat, biznes manfaatlari va xavfsizlikni ta'minlash masalalari muvozanatini topish va, boshqa tomondan, insonning shaxsiy hayoti daxlsizligiga ajralmas huquqni ta'minlash maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Keyinchalik, qonunchilikka kiritilsa, ushbu manfaatlarning muvozanatiga hissa qo'shadi, deb hisoblagan takliflarimiz bilan tanishishni tavsiya qilamiz:

  • Tashrif buyurish uchun ochiq bo'lgan har qanday joyga kiraverishda foto- va videosuratga olinishi haqida ogohlantirishni talab qiluvchi meyorni qabul qilish taklif etiladi. Va bunday ogohlantirish tashrif buyuruvchilar uchun ko'rinarli joyga (odatda, kiraverishga, kassaga, qabulxonaga va hokazoga) osilishi kerak . Buning uchun fuqarolik kodeksiga yoki O'zbekiston Respublikasining "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonuniga mazkur xonada yoki hududda foto- yoki videokuzatuv olib borilayotganligi to'g'risida ogohlantiruvchi belgi (yoki bildirishnoma)ni osib qo'yish zarurati to'g'risidagi meyorni aks ettiruvchi qo'shimchalarni kiritish taklif etiladi.
  • Kiritilayotgan o'zgarishlar maqsadlari uchun ushbu ta'rifga mos keluvchi joylarni sanab o'tgan holda jamoat joyining aniq ta'rifini berish lozim. Shuni ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida jamoat joyi tushunchasi mavjud emas va faqat O'zbekiston Respublikasining 2023-yil 24-maydagi «Alkogol va tamaki mahsulotlaridan foydalanishni cheklash to'g'risida»gi 844-sonli qonunining 24-moddasida alkogol, tamakidan va ularni qo'llashga xizmat qiluvchi vositalaridan foydalanish taqiqlangan jamoat joylari ro'yxati ko'rsatiladi;
  • O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 4611-moddasini jamoat joyida videokuzatuv haqida ogohlantirish mavjud bo'lmagan taqdirda, shuningdek, jismoniy shaxs murojaat qilgan taqdirda, mansabdor shaxsga ma'muriy jarima qo'llash imkoniyati bilan to'ldirilsin;
  • Agar foto- va videomateriallar huquqni muhofaza qilish idoralari yoki materiallarni olib qo'yishga vakolatli boshqa idoralar tomonidan so'ralgan bo'lsa yoki foto- va videomateriallarda qonun buzilishi holatlari qayd etilgan bo'lsa va jamoat joyi ma'muriyati ushbu materiallarni huquqni muhofaza qilish idoralariga huquqbuzarlikni yoki jinoyatni tergov qilishda yordam berish uchun so'ralmagan bo'lsa, ulardan foydalanishni taqiqlash kerak;
  • Uchinchi shaxslarning, shu jumladan, jamoat joyi xodimlarining jamoat joyida olingan fotosuratlar va videomateriallar bilan tanishishini taqiqlash. Agar huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etilganlikda gumon qilininsa, faqat rahbarga va maxsus xodimga foto- va videomateriallar bilan tanishishga ruxsat berish va aynan shu materiallarni huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirish taklif etiladi;
  • O'zgarishlarda yechinish xonalarida, kiyim-kechakni kiyib ko'rish xonalarida, hojatxonalarda va insonning shaxsiy hayotiga asossiz zarar yetkazilishi mumkin bo'lgan boshqa joylarda video- va fotokameralarni o'rnatishni taqiqlovchi meyorni nazarda tutish.

Mazkur maqola mualliflarining fikriga ko'ra, shunga o'xshash me'yorlarning qabul qilinishi shaxsiy hayotning daxlsizligi huquqini va shu bilan birga foto- yoki videokuzatuvlar olib boriladigan binolarning, axborotning va ularda joylashgan mulkning xavfsizligini ta'minlashga imkon beradi.

Mualliflar:

Hamidov Ilhom

legal clinic.uz huquqshunosi

Kamalova Malika

«Perspective Consulting» MChJ huquqshunosi