Янгиликлар

Iyundagi TOP-5 savollar

Legalclinic huquqshunoslari o'z faoliyatini davom ettiryapti. Jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan ko'plab savollar kelib tushmoqda. Eng qiziq maslahatlarni e'tiboringizga havola etamiz.
Mualliflik huquqining amal qilish muddati qancha?
Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.
Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.
Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.
Fuqarolik ishlari bo'yicha sud qarorlari bilan qayerda tanishsam bo'ladi?
Sud qarorlari bilan sud hukmlarini e'lon qilish portarida quyidagi havola orqali o'tib tanishishingiz mumkin https://public.sud.uz/report/CIVIL
Jamoa shartnomasi nima va u nima uchun kerak?
Jamoa shartnomasi tashkilotda yoki yakka tartibdagi tadbirkorda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hamda xodimlar tomonidan o‘z vakillari orqali va ish beruvchi tomonidan tuziladigan mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatdir.
Jamoa shartnomasi umuman tashkilotda, uning alohida bo‘linmalarida tuzilishi mumkin.
Tashkilotning alohida bo‘linmasida jamoaviy muzokaralar o‘tkazish, ish beruvchi nomidan jamoa shartnomasini imzolash uchun ish beruvchi ushbu alohida bo‘linma rahbariga yoki boshqa shaxsga ushbu Kodeksning 46-moddasiga muvofiq zarur vakolatlar beradi.
Tashkilotning alohida bo‘linmasida jamoaviy muzokaralarni o‘tkazish, jamoa shartnomasini imzolash chog‘ida xodimlar manfaatlarini ifoda etish huquqi ushbu bo‘linma xodimlarining vakillariga beriladi.
Jamoa shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Jamoa shartnomasining maromiga yetkazilgan loyihasi mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishiga (konferensiyasiga) ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Jamoa shartnomasi, agar mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) hozir bo‘lganlarning ellik foizidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, ma’qullangan hisoblanadi. Agar jamoa shartnomasining loyihasi ma’qullanmasa, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya uni umumiy yig‘ilishning (konferensiyaning) takliflari va mulohazalariga muvofiq maromiga yetkazadi hamda o‘n besh kun ichida umumiy yig‘ilishda (konferensiyada) ko‘rib chiqish uchun takroran taqdim etadi.
Taraflar jamoa shartnomasi loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida hal qila olmagan ixtiloflarni hal etish bo‘yicha nizolar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Jamoa shartnomasi mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) ma’qullanganidan keyin taraflarning vakillari uch kun ichida jamoa shartnomasini imzolaydi.

Tahririyatga tojikistonlik hamkasbimiz kelyapti. Xorijiy jurnalistni akkreditatsiyadan o'tkazish masalasi qiziqtiryapti?
Xorijiy jurnalistlar akkreditatsiyasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 24 fevraldagi 33-sonli "O'zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muhbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to'g'risida"gi Qaroriga Ilova asosida amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya organi sanaladi. Qoidalarning to'liq matni bilan quyidagi havola orqali o'tib tanishishingiz mumkin https://lex.uz/acts/973661
O'z internet sahifamda e'lon qilgan materialim uchun meni ta'qib etsalar, huquqlarimni himoya qilish uchun qayerga murojaat qilsam bo'ladi?
Siz ta'qib etayotganlari to'g'risida militsiyaga murojaat qilishingiz mumkin. Uchinchi shaxslar tomonidan g'ayriqonuniy hatti-harakatlar sodir etilgan taqdirda, ichki ishlar organlari ma'muroy yoki jinoiy ish qo'zg'ab, uni sudga oshirishlari mumkin.