Янгиликлар

Bukhara News kanaliga nisbatan yolg’on axborot uchun ish qo’zg’atildi

Dekabr oyida turli viloyatlarda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan shamollashga qarshi «Dok-1 Maks» dori vositasini qabul qilgan 20 nafar bolaning o’lim holati va o’n nafardan ortiq bolada og’ir nojo’ya ta’sirlar kuzatilgani haqida ma’lum bo’ldi. Ma’lum qilinishicha, ba’zi bolalarning holati shu kompaniyannig «Ambronol» va «Sinepar Kid» siroplarini qabul qilgach yomonlashgan.
Mazkur ishlab chiqaruvchining barcha preparatlari sotuvdan olindi va musodara qilindi. Dori vositalari importyori Quramax Medikal litsenziyasi bekor qilindi.
«БУХАРСКИЕ НОВОСТИ» internet-resursida “Aytishlaricha, bir sutkada “Sinepar” siropini qabul qilgan 23 nafar bola olamdan ko’z yumdi”, degan xabar tarqaldi.
Xabar berilishicha, Buxoroda “Sinepar” siropini qabul qilgan bolalar o’limi haqida yolg’on xabar tarqatgan Bukhara News Telegram-kanaliga nisbatan Buxoro viloyati prokuraturasi jinoiy ish qo’zg’adi. Xabarda kanal axborot haqqoniyligini tekshirmay, “aholi o’rtasida vahmaga sababchi bo’ladigan” videoxabar tarqatganligi aytilgan.
Jinoiy ish O’zbekiston Jinoyat Kodeksining Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish 244-1-moddasi bilan qo’zg’atildi. Dastlabki surishtiruv ishlarini Buxoro viloyati IIB olib bormoqda.
Manbalar: Buxoro viloyat prokuraturasining rasmiy Telegram-kanali, Газета.уз.