Men model bo’lib ishlayman va biz metroda professional kamerada suratga tushmoqchi edik. Yonimda fotosuratchi, mobilograf va bir qiz bor edi, qizning qo’lida yozuv aks etgan taxtacha bor edi. Men uni oldindan olib kelgandim va aslida metroda taxtacha bilan tajriba o’tkazmoqchi emasdim. Maqsadim, metroda shunchaki bir necha tasvirlarni suratga olish edi.
Avvaliga metro xodimlariga yaqinlashib, shunchaki o‘ylab topilgan ijodiy g‘oyani amalga oshirmoqchi ekanimizni muloyimlik bilan tushuntirdik. Ular professional suratga olish uchun ruxsatnoma olishimiz kerakligini aytishdi.
Biz ruxsatnoma olishga qaror qildik. Shu paytda metro xodimi hamkasblariga bizni kuzatib turishlarini aytdi, chunki mening ko‘rinishim noodatiy edi: men to‘y libosida edim.
Biz metro oldida kutib turgandik. O‘sha paytda biz hech narsani suratga olmagan edik, biz ruxsatnoma olmoqchi edik. Bir hodim kelib, qo’limizdan lavhani olib, uni o‘qidi. Biz bu yerga buning uchun emas, shunchaki mening qiyofamni suratga olish uchun kelganimizni tushuntirdik. Xodim gapimizga quloq solmay, yozuv varaqlarini olib, bizni qayergadir boshladi. Bizning ma’lumotlarimizni yozib olib, suratga oldi va nasihat o’qiy boshladi. U jarima haqida gapirib metroda suratga olishga haqqimiz yo’qligini aytdi.
Agar jarima to‘lasam, suratga olishni davom ettirishim mumkinmi?- deb so‘radim. U: “Yo’q ,- dedi.
Natijada biz 2-3 soat shu tushunmovchiliklar bilan shug’ullandik. Keyin bizni qo‘yib yuborishdi. Men jarima to‘lamasligimni aytdim. Chunki aslida hali hech narsani suratga olmagandim, hech kimni xafa qilmagandim, - deb javob berdi Kamilla Muzrabbekova.
Ushbu video bilan bog‘liq holatlar jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarni mensimaslik, odamlarning fikrini manipulyatsiya qilish, voyaga yetmagan shaxsdan foydalanish va jamoatchilikni chalg‘itish bilan bog‘liq, - deya ma’lum qildi o‘shanda Xotin-qizlar va oila qo‘mitasi vakillari.