Yangiliklar

"Er izlayapman" trendi. O‘zini ifoda etish yoki ijtimoiy me’yorni buzish

Repost nashrining yozishicha, 16-yanvar kuni bloger Kamilla Muzrabbekova Toshkent ko’chalari bo'ylab kelinlik libosida “Er izlayapman” yozuvini ko’tarib yurib, poytaxt aholisining va huquq-tartibot idoralari e’tiborini jalb qilgan.
Aksiya qizni ushlash bilan yakunlandi.

21-yanvar kuni ushbu mavzuga oid video post Instagram ijtimoiy tarmogida joylashtirildi. Shuni ta’kidlash kerakki, video ostida qizning hatti harakatlaridan norozilik bildiruvchi deyarli hech qanday izohlar yo’q, biroq obunachilardan biri so'nggi paytlarda tez-tez uchrab turadigan, blogerlar bosim o‘tkazilgandan keyin yaratilgan kontent uchun uzr so‘rash amaliyotiga ishora qilib, uning kechirim so'rashi haqidagi post kutilayotganini yozgan.
Kamilla Muzrabbekovaning Instagram’dagi postining skrinshoti
Shundan so‘ng 23-yanvar kuni blogerning akkauntida forma kiygan odam unga qandaydir hujjatlarni imzolashni taklif qilayotgan video paydo bo’ldi.

Hodisa yuzasidan hozircha huquq-tartibot idoralari tomonidan rasmiy bayonotlar berilmagan, shuning uchun hibsga olishning rasmiy sababini aytib bo‘lmaydi.

Legalclinic.uz Kamilla Muzrabekovadan izoh olish uchun unga murojaat qildi. U vaziyatni quyidagicha ta’rifladi:
Men model bo’lib ishlayman va biz metroda professional kamerada suratga tushmoqchi edik. Yonimda fotosuratchi, mobilograf va bir qiz bor edi, qizning qo’lida yozuv aks etgan taxtacha bor edi. Men uni oldindan olib kelgandim va aslida metroda taxtacha bilan tajriba o’tkazmoqchi emasdim. Maqsadim, metroda shunchaki bir necha tasvirlarni suratga olish edi.

Avvaliga metro xodimlariga yaqinlashib, shunchaki o‘ylab topilgan ijodiy g‘oyani amalga oshirmoqchi ekanimizni muloyimlik bilan tushuntirdik. Ular professional suratga olish uchun ruxsatnoma olishimiz kerakligini aytishdi.

Biz ruxsatnoma olishga qaror qildik. Shu paytda metro xodimi hamkasblariga bizni kuzatib turishlarini aytdi, chunki mening ko‘rinishim noodatiy edi: men to‘y libosida edim.

Biz metro oldida kutib turgandik. O‘sha paytda biz hech narsani suratga olmagan edik, biz ruxsatnoma olmoqchi edik. Bir hodim kelib, qo’limizdan lavhani olib, uni o‘qidi. Biz bu yerga buning uchun emas, shunchaki mening qiyofamni suratga olish uchun kelganimizni tushuntirdik. Xodim gapimizga quloq solmay, yozuv varaqlarini olib, bizni qayergadir boshladi. Bizning ma’lumotlarimizni yozib olib, suratga oldi va nasihat o’qiy boshladi. U jarima haqida gapirib metroda suratga olishga haqqimiz yo’qligini aytdi.

Agar jarima to‘lasam, suratga olishni davom ettirishim mumkinmi?- deb so‘radim. U: “Yo’q ,- dedi.

Natijada biz 2-3 soat shu tushunmovchiliklar bilan shug’ullandik. Keyin bizni qo‘yib yuborishdi. Men jarima to‘lamasligimni aytdim. Chunki aslida hali hech narsani suratga olmagandim, hech kimni xafa qilmagandim, - deb javob berdi Kamilla Muzrabbekova.
Shuni ta’kidlash joizki, bu kabi harakatlar huquq-tartibot idoralari aralashuviga sabab bo‘layotgan birinchi holat emas. 2024-yilda namanganlik 16 yoshli qiz "Er kerak" deb yozilgan e'lon bilan to‘y saloni reklamasini suratga olayotganda qo‘lga olingan. O‘shanda qiz bilan tushuntirish suhbati o‘tkazilib, bu kabi xatti-harakatlar ijtimoiy me’yorlarga zid ekanligini aytib o'tishgan.
Videoda Namangan viloyati Davlatbat tumanida yashovchi voyaga yetmagan qizning harakatlari aks etgan. Video salon mijozlari va kanaldagi obunachilar sonini ko‘paytirish uchun go‘zallik saloni xodimlari tomonidan tasvirga olingan.
Ushbu video bilan bog‘liq holatlar jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarni mensimaslik, odamlarning fikrini manipulyatsiya qilish, voyaga yetmagan shaxsdan foydalanish va jamoatchilikni chalg‘itish bilan bog‘liq, - deya ma’lum qildi o‘shanda Xotin-qizlar va oila qo‘mitasi vakillari.
2023-yilda O‘zbekiston birinchi prezidentining nabirasi Maryam Tillayeva ham xuddi shunday aksiyani uyushtirgan edi. Biroq, o‘sha paytda huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat idoralari tomonidan hech qanday aralashuv kuzatilmadi.
Agar sizda o‘z huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar paydo bo‘lsa yoki professional yordam kerak bo‘lsa, bepul yuridik maslahat olish uchun media yuristlarga murojaat qiling. Legalclinic.uz mutaxassislari sizning vaziyatingizning huquqiy jihatlarini o’rganib, tegishli yechimlarni taklif etishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savollarni anonim tarzda yuborishingiz mumkin. Malakali yordam olish uchun bugunoq bizga murojaat qiling!