O‘zbekistonda jurnalistlarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlari: qonunchilik va amaliyot sharhi
Mediahuquqshunos bo‘lganim sababli legalclinic.uzhuquqiy klinikasida OAV, jurnalistlar va blogerlar uchun huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritib, shuningdek, jurnalistlar, jurnalist-talabalar va blogerlar uchun treninglar o‘tkazish doirasida, ko‘pincha, bunday treninglar ishtirokchilaridan jurnalistlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, jurnalistning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilishsa, nima qilish kerakligi haqida savollar kelib tushadi.
Ushbu maqolada asosiy huquqiy mexanizmlarni va muammolarni ochib berishga va huquqiy sohadagi muammolarni hal qilish uchun nima taklif qilish mumkin, degan savolga javob berishga harakat qilaman.
Ikkinchi qonunda jurnalistlarning huquq va majburiyatlari batafsil bayon etilgan. Ushbu qonunning 8-moddasida shunday deyilgan: Jurnalist o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishda shaxsning daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Tanqidiy materiallarni e’lon qilgani uchun jurnalistning ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, mazkur qonunning 14-moddasida jurnalistning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari qanday hollarda javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq, ushbu qonun ham, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari ham bugungi kunda faoliyatning huquq va kafolatlarini buzganlik uchun maxsusjavobgarlik choralarini nazarda tutmaydi.
Ya’ni, agar jurnalist uning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgan deb hisoblasa, u qonunchilikda umumbelgilangan choralarni ko‘rishi mumkin.
Masalan, agar jurnalistga hujum qilingan, shaxsiy yoki tahririyat ashyolari (masalan, telefon, kamera va h.k.)ga shikast yetgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining (O‘zR MJtK) 612-moddasi «Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish» qo‘llaniladi yoki jurnalistga tan jarohati yetkazilgan bo‘lsa – yetkazilgan tan jarohati og‘irligiga va huquqbuzarlik yoki jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir etuvchi boshqa omillarga qarab O‘zR MJtKning 52-moddasi "Yengil tan jarohati yetkazish" yoki jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin. Jurnalist buzilgan huquqlarini himoya qilish uchun yashash joyi yoki huquqbuzarlik (yoki jinoyat) sodir etilgan joydagi ichki ishlar bo‘limiga yozma ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Davlat organlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilgan taqdirda ham xuddi shunday javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin. Bunday holatda OAV tahririyati joylashgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga yozma ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizada qonun hujjatlarida belgilangan choralarni ko‘rish iltimosi bilan huquqbuzarlikning mohiyati ko‘rsatilishi kerak.
Shu bilan birga, amaliyotda jurnalistlarning huquqlari buzilishi bo‘yicha murojaatlar unchalik ko‘p emas. Fikrimizcha, bunga bir nechta sabablar mavjud, jumladan:
OAVda ichki o‘z-o‘zini senzura qilish. Aksariyat OAV hali ham materiallarni tayyorlash va nashr etishda o‘z-o‘zini senzura qilishni davom ettirmoqda, chunki rasmiy maqomga ega bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tgan OAV fuqarolik faollariga qaraganda zaifroqdir. Davlat va jamiyat uchun nozik mavzularda tanqidiy, o‘tkir jurnalistik surishtiruvlarni o‘z ichiga olmagan materiallar buning oqibatidir;
OAV rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan tuzilmalar bo‘lib, ularga nisbatan e’tiroz bildirish yoki cheklash osonroq.
Jurnalistlar faoliyatini himoya qilishni ta’minlash sohasida, fikrimizcha, o‘z yechimini kutayotgan masalalar saqlanib qolmoqda.
Bunday masalalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida jurnalistning kasbiy faoliyatiga aralashish, shu jumladan mulkni (telefonlar, kameralar, mikrofonlar va h.k.) buzish, jurnalistning sog‘lig‘iga zarar yetkazish, shuningdek jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilishning boshqa hollariga bag‘ishlangan huquqbuzarliklar alohida tarkiblarining mavjud emasligi;
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 43-moddasida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni rad etganlik, kechiktirib yuborganlik va boshqa buzish hollari uchun tegishli mansabdor shaxslarga yuklatilgan BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda javobgarlik nazarda tutilgan. Biroq, qonunchilikda axborot olish uchun so‘rovlar bo‘yicha axborotni taqdim etish muddatlarini buzganlik, inkor yoki rad etganlik uchun ham shunday javobgarlik mavjud emas*.
Ma’lumot uchun: axborot olish uchun so‘rov jamiyatning davlat bilan o‘zaro hamkorligining mustaqil vositasi bo‘lib, uning tushunchasi, qayta ishlash tartibi bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan.
Davlat xizmatchilarining, ayniqsa, respublika viloyatlari va tumanlarida axborot olish huquq va erkinliklari, jurnalistlarning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishdagi huquqlari masalalarida huquqiy savodxonligining nisbatan past darajasi saqlanib qolayotganligi.
Fikrimizcha, qonunchilikka jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga oid huquqbuzarliklarning (va ehtimol jinoyatlarning) maxsus tarkiblarini kiritish "Jurnalistning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan jurnalistlar faoliyatining kafolatlari va xavfsizligini amalda ta’minlash imkonini beradi.
* Ma’lumot uchun: axborot olish uchun so‘rov jamiyatning davlat bilan o‘zaro hamkorligining mustaqil vositasi hisoblanadi va uning tushunchasi, qayta ishlash tartibi quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda: "Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 6-moddalarida, "Axborot olish prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida, "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasida, shuningdek "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ularga ishlov berish tartibi to‘g‘risida"gi Yo‘riqnomada (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 17-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qayd № 2769) nazarda tutilgan.
Muallif: Ilhom Hamidov
Agar Sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar bo‘lsa yoki professional yordam kerak bo‘lsa, bepul huquqiy maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz huquqshunoslari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini aniqlashga va mos yechimlarni taklif qilishga yordam berishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bizga bugun murojaat qiling!