Yangiliklar

Sun’iy intellekt va mehnat bozori. Raqamlar nimani ko‘rsatmoqda va bu nega muhim

Sun’iy intellekt allaqachon butun dunyo bo‘ylab mehnat bozorini o‘zgartirmoqda. Goldman Sachs investitsiya bankining baholashicha, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari taxminan 300 millionta ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatishi, odamlar bugungi kunda bajarayotgan vazifalarning qariyb 25–30%i esa yaqin yillarda avtomatlashtirilishi mumkin. Bunda gap kasblarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi haqida emas, balki aynan ish jarayonlarining o‘zi tubdan o‘zgarishi haqida ketmoqda.

Jahon iqtisodiy forumi (Future of Jobs Report) ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilgacha mavjud ish o‘rinlarining qariyb 22%i avtomatlashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellektning joriy etilishi sababli o‘zgaradi. Ayni paytda, texnologiyalarni rivojlantirish, ma’lumotlarni tahlil qilish, kiberxavfsizlik va raqamli xizmatlar bilan bog‘liq 78 millionga yaqin yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ish beruvchilar allaqachon ko‘nikmalarga oid talablarni qayta ko‘rib chiqmoqda. Kompaniyalarning taxminan 70%i sun’iy intellekt bilan ishlash malakasiga ega xodimlarni yollashni rejalashtirayotgan bo‘lsa, 41% vazifalarni algoritmlar bajara oladigan lavozimlarning qisqarishini kutmoqda.

Alohida tadqiqotlar sun’iy intellekt texnologiyalarini bilish iqtisodiy ustunlikka aylanishini ko‘rsatmoqda. Masalan, sun’iy intellekt vositalari bilan ishlaydigan mutaxassislar bunday ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan mutaxassislarga nisbatan o‘rtacha 56% ga yuqori maosh olishlari mumkin.

Eng tez o‘zgarayotgan kasblar qaysilar

Sun’iy intellekt eng ko‘p ishning katta qismi axborotni qayta ishlash bilan bog‘liq sohalarga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bular jumlasiga quyidagilar kiradi:

• jurnalistika va media kontent

• marketing va reklama

• dasturlash va IT-yordam

• moliyaviy tahlil

• call-markazlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish

• ma’muriy va ofis lavozimlari

Masalan, generativ tizimlar matnlarni avtomatik yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, hujjatlarni tarjima qilish va hisobotlar shakllantirish kabi vazifalarni allaqachon bajara oladi.

Natijada ko‘plab kasblar butunlay yo‘qolib ketmaydi, ammo ularning tuzilishi o‘zgaradi: ayrim vazifalarni algoritmlar bajaradi, inson esa tekshirish, tahlil qilish va qaror qabul qilish kabi funksiyalarni bajaradi.

Kompaniyalar allaqachon moslashmoqda

Ba’zi kompaniyalar sun’iy intellektning rivojlanishiga javoban o‘z jamoalarini qayta qurishni boshladilar. Masalan, Block fintech kompaniyasi 2026-yilda avtomatlashtirish va sun’iy intellekt vositalariga o‘tish doirasida 4 mingdan ortiq xodimini qisqartirishini e’lon qildi. Shu bilan birga, Yevropa Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar bandlikni qisqartirish o‘rniga tashkilot ichidagi ko‘nikmalar tuzilmasini o‘zgartirib, yangi texnologik rollarni yaratmoqda.

Markaziy Osiyo va O‘zbekiston

Markaziy Osiyo davlatlarida sun’iy intellektni joriy etish hali erta bosqichda, biroq iqtisodiyotning raqamlashtirilishi tezlashmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda quyidagi yo‘nalishlar faol rivojlanmoqda:

• raqamli davlat xizmatlari

• fintex va onlayn banking

• elektron tijorat

• startap ekotizimi

• IT bo‘yicha ta’lim dasturlari

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 1400 dan ortiq IT-kompaniyalar faoliyat yuritmoqda, IT-xizmatlar eksporti esa 300 million dollardan oshgan.

Nima uchun bu raqamli huquqlar bilan bog‘liq?

Sun’iy intellektning rivojlanishi nafaqat iqtisodiyotga, balki insonning raqamli muhitdagi huquqlariga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Qaror qabul qilish jarayonida algoritmlar ishtirok etar ekan, yangi savollar yuzaga keladi:

• shaxsiy ma’lumotlar qanday himoyalanadi;

• algoritmlardagi xatolar uchun kim javobgar bo‘ladi;

• avtomatlashtirilgan tizimlar ishga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilishi mumkinmi;

• tizim tomonidan qabul qilingan qarorni inson qanday tartibda shikoyat qilishi yoki qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.

Bu masalalar allaqachon xalqaro miqyosda muhokama qilinmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari va algoritmlarning shaffofligiga qo‘yiladigan talablarni joriy etuvchi AI Actni qabul qildi.

Tadqiqotlarning asosiy xulosasi shundaki, sun’iy intellekt mehnat bozorini yo‘q qilishdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiyot va ko‘nikmalar tuzilishini o‘zgartiradi.

Tarixan shunga o‘xshash jarayonlar ilgari ham - sanoat inqilobi, ishlab chiqarishning ommaviy avtomatlashtirilishi va internetning rivojlanishi davrida sodir bo‘lgan.

Har bir texnologik to‘lqin ba’zi kasblarning yo‘q bo‘lib ketishiga va boshqalarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Bugungi farq shundaki, raqamli texnologiyalar ancha tez tarqalmoqda.

Shuning uchun bugungi kunda nafaqat texnologiyalarning rivojlanishi, balki jamiyatning yangi sharoitlarga moslashish qobiliyati - ta’lim, tartibga solish va raqamli huquqlarni tushunish orqali asosiy omilga aylanmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun bu bir vaqtning o‘zida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va aholining raqamli savodxonlik darajasini oshirish zarurligini anglatadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari qanday ishlashi, qanday ma’lumotlardan foydalanilishi va insonning raqamli muhitdagi huquqlari nimalardan iboratligini tushunish asta-sekin zamonaviy huquqiy madaniyatning muhim qismiga aylanib bormoqda.