Negaki, bugun yurtimizda ochiklik siyosati, so‘z va matbuot erkinligi ustuvordir. Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o‘tkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini o‘zgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh bo‘lmadik, — deya qayd etdi Jurnalistlar uyushmasi.
Jumladan, uzoq yillar davomida yopib qo‘yilgan qator internet nashrlari ochildi, OAVda erkin faoliyat yuritish muhiti shakllandi, turfa «qora ro‘yxatlar»ga barham berilganiga barchamiz shohidmiz. OAV vakillariga hech kim, biron-bir davlat tashkiloti «uni yozma, buni yoz» deyayotgani yo‘q. Jurnalist va blogerlarimiz mavjud muammolarni dadil ko‘tarib chiqmoqda», — deya qayd etdi Jurnalistlar uyushmasi.
Birgina 2023 yilning yanvar oyida matbuotda va internet nashrlarida hukumat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1300 dan ziyod tanqidiy materiallar e’lon qilinganining o‘zi «yuqoridagi fikrimizning dalilidir, — deya ta’kidladi tashkilot.
«Ammo ming afsuski, ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan so‘z erkinligini suiste’mol qilish, matbuotdek muqaddas minbardan shaxsiy manfaat, soxta obro‘-e’tibor yoki boshqa g‘arazli maqsadlarda foydalanish hollari uchrab turibdi. Ularga qonuniy choralar ko‘rilayotgani esa ba’zi bir jurnalist va blogerlar tomonidan bilib-bilmay noxolis talqin qilinmoqda», — deb hisoblaydi uyushma.
Biroq ularni tartibga chaqirish, qonun asosida faoliyat olib borishga chorlash so‘z erkinligiga tajovuz, bosim yoxud senzura hisoblanmaydi! Ommaviy axborot vositalari vakillarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan davlatimiz rahbari „Men haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi“ deya alohida ta’kidlagan, — deyiladi munosabatda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, bir guruh jurnalist va blogerlarning davlatimiz rahbariga murojaat yo‘llaganining o‘zi ham mamlakatimizda so‘z erkinligining ochiq ekanligidan dalolat beradi, — deya xulosa yasadi uyushma.