Yangiliklar

O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi saytlar bloklandi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining rasmiy telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, internet-resurslarning reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bo‘yicha monitoringi davomida bukmekerlik xizmatlari bilan bog‘liq reklama materiallarini joylashtirgan 42 ta sayt aniqlangan. Qo‘mita ushbu resurslarni bloklash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga (AOKA) yubordi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida AOKAga bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 42 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha takliflar kiritildi, shundan 30ga yaqini belgilangan tartibda bloklandi.

46-modda. Lotereyalar, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, shu jumladan telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan o‘yinlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Lotereyalarning reklamasi har bir holatda voyaga yetmagan shaxslarning lotereyalarda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish bilan birga bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi "Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-68-son Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullangan. Farmonda, shuningdek, uch oy muddatda Soliq kodeksiga, "Davlat boji to‘g‘risida"gi, "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi, "Reklama to‘g‘risida"gi va boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerakligi ta’kidlangan.

Agar sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar bo‘lsa yoki professional yordam kerak bo‘lsa, bepul yuridik maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz ekspertlari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini tushunishga yordam berishga va tegishli yechimlarni taklif qilishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bizga bugun murojaat qiling!