Yangiliklar

Dunyo ilk bor sun’iy intellektni xalqaro huquq doirasiga oldi

Yaqin vaqtgacha sun’iy intellektni tartibga solish asosan ixtiyoriy axloqiy tamoyillar va tavsiyalarga tayangan. Xalqaro tashkilotlar, hukumatlar va texnologiya kompaniyalari “mas’uliyatli sun’iy intellekt” to‘g‘risida deklaratsiyalar qabul qilgan bo‘lsa-da, bu hujjatlar huquqiy majburiyatlarni keltirib chiqarmagan va nazorat mexanizmlarini deyarli nazarda tutmagan.

Vaziyat Yevropa Kengashining Sun’iy intellekt, inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi to‘g‘risidagi Asosiy konvensiyasi (CETS № 225) qabul qilinishi bilan tubdan o‘zgardi. Mazkur hujjat sun’iy intellektni nafaqat texnologiya, balki huquqiy tartibga solish obyekti sifatida e’tirof etgan ilk xalqaro shartnoma hisoblanadi.

Asosiy o‘zgarish shundan iboratki, sun’iy intellektdan foydalanish masalalari tavsiyalar sohasidan xalqaro majburiyatlar sohasiga o‘tkazildi. Konvensiyaga qo‘shilayotgan davlatlar nafaqat texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashi, balki ularni amalga oshirish uchun milliy huquqiy mexanizmlarni yaratishi lozim.

Konvensiya qabul qilingach, xalqaro huquqda sun’iy intellekt bilan o‘zaro munosabatda insonni himoya qilishning yangi standartlari amalda paydo bo‘ldi.

Birinchidan, shaxsning o‘z huquq va manfaatlariga daxldor qaror algoritmlar yordamida qabul qilinganini bilish huquqi mustahkamlanmoqda.

Ikkinchidan, davlatlar bunday qarorlarni bahslash imkoniyati bilan ta’minlashi hamda sud yoki ma’muriy himoya tartib-taomillarini yaratishi lozim.

Uchinchidan, sun’iy intellekt tizimlarining shaffofligi va hisobdorligi tamoyili joriy etilmoqda. Sun’iy intellekt endilikda qarorlarini tekshirish imkonsiz bo‘lgan “qora quti” sifatida qaralmaydi.

Bundan tashqari, bolalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat organlari yangi sun’iy intellekt tizimlarini joriy etishdan avval ularning inson huquqlari va demokratik institutlarga ehtimoliy ta’sirini baholashi shart.

Texnologiyalarni davlat tomonidan boshqarishga yondashuvning o‘zi ham o‘zgardi. Konvensiya sun’iy intellektning ayrim qo‘llanish turlariga cheklovlar yoki to‘liq taqiq joriy etishni ruxsat etadi, agar bunday qo‘llanish inson huquqlariga, qonun ustuvorligiga yoki demokratiyaga tahdid tug‘dirsa.

Shu bilan birga, ushbu hujjat barcha mavjud muammolarni hal qilmaydi.

Uning ta’siri birinchi navbatda davlat sektori va davlat topshirig‘i bilan faoliyat yurituvchi xususiy tashkilotlarga qaratilgan. To‘liq xususiy texnologiya kompaniyalari faoliyatini tartibga solish ko‘p jihatdan milliy qonunchilik masalasi bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro nazorat masalasi ham ochiqligicha qolmoqda. Kelajakdagi monitoring mexanizmining samaradorligi davlatlarning qabul qilingan majburiyatlarni amalda bajarishga qanchalik tayyor ekanligiga bog‘liq bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun bu jarayon konvensiyada rasmiy ishtirok etmasdan ham qiziqish uyg‘otadi.

Bugungi kunda sun’iy intellekt bozori global tus olmoqda. ChatGPT, Google Gemini va Microsoft Copilot kabi mahsulotlar yangi xalqaro qoidalarni shakllantirishda ishtirok etayotgan davlatlarda ishlab chiqilmoqda. Tartibga solish tizimi rivojlanib borar ekan, ushbu standartlar bosqichma-bosqich butun dunyo texnologik amaliyotining ajralmas qismiga aylanishi mumkin.

Bundan tashqari, hujjat istalgan davlat uchun ochiq. Iqtisodiyotning raqamlashtirilishi va sun’iy intellektni milliy tartibga solish masalalari muhokama qilinayotgan bir paytda, xalqaro standartlarga moslashish masalasi O‘zbekiston qonunchiligining keyingi rivojlanish yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.

Konvensiyaning paydo bo‘lishi bilan eng muhim oqibat shundan iboratki, xalqaro huquq ilk bor rasmiy ravishda sun’iy intellektni huquqiy maydondan tashqarida emasligini tan oldi. Inson taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan texnologik yechimlar shaffof, nazorat qilinadigan va huquqiy javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan faoliyat sifatida qaraladi.

Oddiy foydalanuvchilar uchun bu, algoritmik qarorlar bilan to‘qnash kelganda deklarativ emas, balki amalda ishlaydigan kafolatlarning paydo bo‘lishini anglatadi — kredit berishdan bosh tortish, akkauntning shubhali bloklanishi yoki ishga qabul qilish jarayonidagi avtomatik baholash kabi holatlarda. Endi shaxs qarorni algoritm qabul qilganini bilish va uni shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladi; bu esa faqat texnik yordam xizmatining rasmiy javobini olish bilan cheklanib qolmaydi. Amaliyotda bu chat‑botlar, tavsiya tizimlari va avtomatlashtirilgan tekshiruvlar kabi servislarning qanday ishlashi borasida ko‘proq shaffoflikni, shuningdek, algoritm xato qilgan yoki inson huquqlarini buzgan taqdirda murojaat qilish mumkin bo‘lgan real instansiyalarning paydo bo‘lishini anglatadi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.