Янгиликлар

Sharipov vs Kun.uz. Jurnalistlarga bosimmi yoki sha’n va qadr-qimmat himoyasi?

12 iyun kuni Kun.uz nashri Shokir Sharipovning "Davlat amaldorining "ipakdan to'qilgan yo'li". Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?" nomli jurnalist surishtiruvini e'lon qildi. Materialda aytilishicha, Bahrom Sharipov ayoli va qarindoshlari orqali jun tolalari, ipak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir necha korxona bilan aloqadorligi ko'rsatiladi.
Materialda Bahrom Sharipov sohani tartibga soluvchi qo'mitani boshqarishi inobatga olinsa, bu yerda manfaatlar to'qnashuvi borligiga ishora qilinadi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, ipakchilikka mas’ul qo‘mita va “O‘zipaksanoat” uyushmasi vakillari Bahrom Sharipov aslida tadbirkor bo‘lgani, ipakchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan soha rahbarligiga kelgunga qadar ham shug‘ullanganini ma’lum qilgan. Ammo surishtiruvda tug‘ilgan savollarga javob berilmadi, deyiladi maqolada.
Gazeta.uz yozadi, Bahrom Sharipov o‘z da’vo arizasida Kun.uz maqolasidagi ma’lumotlarni asossiz deb atadi hamda bu o‘zi va oilasining obro‘siga putur yetkazganini qayd etdi. Ta’kidlashicha, u tasodifan Ipchilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari hamda “O‘zipaksanoat” uyushmasi raisi lavozimlariga tayinlanib qolmagan.
SLAPP (Strategic lawsuits against public participation) – bu sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro’si himoyasiga oid da’vo arizalari abbreviaturasi.
SLAPP da’volarni o’ziga xos da’vogarlar guruhi beradi: davlat idoralari rahbarlari, biznesmenlar, siyosatchilar, ular shu tariqa OAV va jurnalistlarni ular tomoniga tanqidni to’xtatishga majbur etish uchun qilishadi.
Hech narsani eslatmayaptimi?
Davlat boshqaruvi maktablarida yuqori mansab avtomatik ravishda shaxsga alohida diqqat va jamoatchilik nazoratini anglatmaydi, deb o’rgatishmaydi.
Mansabdor shaxs OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidga sabrli bo’lishi kerakligi tushuntirilmaydi. Aks holda, jamoatchilik nazorati va jamiyat oldida javob berishni qanday amalga oshirish mumkin… - yozadi o’z sahifasida media sohasida huquqshunos Madina Tursunova.
Qo‘mita rahbari uning rafiqasi va qarindoshlari bilan bog‘liqligi aytilayotgan kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni “noxolis va biryoqlama” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, 2016-yilda tizimda 19 ta korxona faoliyat ko‘rsatib, quvvatlardan foydalanish darajasi 17 foizni tashkil etgan. Hozir esa korxonalar soni 74 taga, quvvati esa 100 foizga yetdi. Murojaatga 2016-yildan buyon o‘zgarishlar tahlili ilova qilingan bo‘lib, unda ipakchilik sohasidagi barcha ko‘rsatkichlar o‘sgani ko‘rsatilgan.
Uning fikricha, 2017−2022-yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan har qanday xolis odam maqolada aytilganidek, soha “shaxsiy tomorqa”ga aylantirilmagan, degan xulosaga keladi.
Shuningdek, uning fikricha, ushbu maqola prezidentning ipakchilikni rivojlantirish borasidagi siyosatini obro‘sizlantiradi, chunki bu boradagi ishlar uning 10 dan ortiq farmon va qarorlari doirasida amalga oshirilmoqda.
Kun.uz maqolasida soha kompaniyalarining uning rahbari qarindoshlariga tegishliligi to’g’risida ma’lumot beriladi, lekin sohadagi yutuqlari haqida aytilmaydi, demak, materialdagi axborotni noxolis deb bo’lmaydi. Bu yerda tezis almashtilishi ko’zga tashlanyapti, bu esa axborot bilan manipulyatsiya qilishning keng tarqalgan usuli.
Bahrom Sharipov sohada mavjud 74 ta korxonaning bittasida ham ulushga ega emasligini ta’kidladi. Ayoli to’rtta korxonada ulushga ega ekanini tan oldi, biroq ular assotsiatsiya tashkil etilganidan ancha oldin tuzilgan edi. Qolgan tashkilotlarning unga va oila a’zolariga aloqadorligi yo’q, shu sababli, “sohani shaxsiy monopoliyaga aylantirish” to’g’risidagi fikrlar uydirma va tuhmat, deyiladi arizada.
“O’zbekipaksanoat” uyushmasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan 2017 yilda tashkil etilgan” – deyiladi uyushma saytida. Maqolada soha rahbari rafiqasiga tegishli korxonalardan kamida bittasi 2021 yilda tashkil etilgani aytilmoqda.
Bahrom Sharipov, shuningdek, 2013-yil aprel oyida tashkil etilgan Karomat-Oyijon Surxon fermer xo‘jaligi rahbariyati manfaatlar to‘qnashuvi yoki qonun buzilishi emasligiga e’tibor qaratdi.
12-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari
Davlat fuqarolik xizmatchisi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etishi;
o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-axloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq boshqa qoidalarga rioya etishi;
ushbu Qonunda belgilangan, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishi;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi;
davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda bo‘lishdan tiyilishi;
o‘z xizmat mavqeyidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek o‘z xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi, shuningdek o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida olingan mazkur ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugaganidan keyin oshkor etmasligi;
qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi;
davlat mulkining but saqlanishini ta’minlashi, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Uyushma rahbari, shuningdek, mehmonxona biznesidagi 1001 Nights korxonasida ulushga ega ekanini rad etdi.
Maqolada buning aksini isbotlovchi ma’lumotlar skrinshoti keltiriladi.
Kun.uz maqolasida amaldorning rafiqasi Sayyor Sharipova, shuningdek, uning o‘g‘illari Mashrabshoh Baxromov va Botirbek Baxromov ham shirkatlarda ulushga ega ekani ko‘rsatilgan. Da’vogar “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat xizmatchisining o‘zi uchun cheklovlar nazarda tutilgani, oila a’zolari va yaqin qarindoshlariga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq talablar yo‘qligini ta’kidladi.
13-modda. Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar
Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga haqli emas:
o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘ladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno;
o‘zi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga;
o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
chet davlat fuqaroligini olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno;
o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan haq to‘lanadigan faoliyat turlari ro‘yxati korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaganlik davlat fuqarolik xizmatchisini qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Bahrom Sharipov sudlanuvchilardan raddiya e’lon qilish, omma oldida kechirim so‘rash hamda Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipovdan ma’naviy zarar uchun 1 mlrd so‘m undirishni talab qilgan.
Manbalar: Gazeta.uz, Kun.uz, Madina Tursunovaning Facebookdagi sahifasi, “O’zbekipaksanoat” uyushmasining rasmiy sayti
Prevyudagi foto: yuz.uz