Bugungi kunda bolalar yozish va o‘qishni o‘rganishdan oldin smartfonlar va internetdan foydalanishni boshlaydilar. Ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, onlayn o‘yinlar va ta’lim platformalari ularning kundalik hayotining bir qismiga aylanmoqda. Ammo shu bilan birga
xavflar ham ortib bormoqda: kiberbulling, shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, reklama orqali manipulyatsiya, firibgarlik. Dunyo bo’ylab tobora ko‘proq muhokama qilinayotgan savol bizda ham dolzarb bo‘lib turibdi: raqamli muhitda bolalar huquqlarini ularning erkinligi va xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlagan holda qanday himoya qilish kerak?
O‘zbekistonda 2017-yillarda "Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan. Bu jiddiy hujjat: unda kontentning yosh toifalari belgilangan, bolaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan materiallarni tarqatish taqiqlangan va qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Ammo qonun, asosan, televideniye, kino va bosma nashrlarga qaratilgan.
Va aynan bu yerda kamdan-kam tilga olinadigan muhim tafsilot paydo bo‘ladi: unda raqamli muhit deyarli tilga olinmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, onlayn o‘yinlar, striming xizmatlari - bolalar har kuni foydalanadigan barcha narsalar amalda ushbu qonun doirasidan tashqarida qolmoqda. Shunday qilib, paradoks yuzaga keladi: televideniyeda himoya ko‘zda tutilgan, internetda esa yo‘q.
Vaziyatni boshqa mamlakatlar bilan taqqoslasak, farqlar yaqqol ko’rinadi.
AQShda 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ma’lumotlarini ota-onalarning roziligisiz to‘plashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi COPPA (Children’s Online Privacy Protection Act, 1998) qonuni amal qiladi.
Yevropa Ittifoqida voyaga yetmaganlarga nisbatan maqsadli reklamani cheklovchi Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Services Act, 2022) qabul qilingan.
Buyuk Britaniyada 2023-yildan boshlab platformalarga bolalarning xavfli kontentga kirishining oldini olish majburiyatini yuklaydigan Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun amal qilmoqda.
Shunday qilib, xalqaro amaliyot allaqachon internet va raqamli xavflar tomon siljigan, O‘zbekiston qonuni esa mohiyatan "raqamli davrgacha" bo’lib qolmoqda.
Shuni tushunish muhimki, bola nafaqat himoyalanish, balki raqamli hayotda ishtirok etish huquqiga ham ega. Qattiq taqiqlar va blokirovkalar uning o‘zini ifoda etish va axborot olish erkinligini cheklashi mumkin. Shu sababli gap bolalarni internetdan ajratib qo‘yishda emas, balki raqamli muhitni xavfsiz qilishda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bolalarga mo‘ljallangan maqsadli reklamalarni taqiqlovchi, ularning shaxsiy ma’lumotlarini ilovalarda qayta ishlashni tartibga soluvchi yoki ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus qoidalarni belgilovchi normalar deyarli yo‘q. Vaholanki, bolalar aynan o‘sha yerda ko‘proq vaqt o‘tkazishadi.
Qonun raqamli davrda haqiqatdan ham ishlashi uchun UDRMI loyihasi ekspertlari uni xalqaro standartlarni inobatga olgan holda yangilashni taklif qilmoqda:
• 2017-yilgi qonun doirasini ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va onlayn o‘yinlarni o’z ichiga olgan internet-kontentga kengaytirish.
• Yevropa Ittifoqida bo‘lgani kabi, voyaga yetmaganlar uchun maqsadli reklama taqiqlanishini joriy etish.
• Yoshga oid "raqamli rozilik"ni mustahkamlash - masalan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolaning ma’lumotlarini ota-ona ruxsatisiz qayta ishlashni taqiqlash.
• Platformalarga birlamchi "bolalar uchun maxfiylik sozlamalari"ni yoqish majburiyatini yuklash.
• Oilalar huquqbuzarlik holatlari yuzaga kelganda murojaat qila oladigan bolalar huquqlarini himoya qiluvchi raqamli ombudsman institutini tashkil etish.
E’tiborga olinishi lozim bo‘lgan yangi ma’lumot: O‘zbekistonda bolalarni zararli kontentdan rasman himoya qiluvchi qonun allaqachon mavjud, biroq u internetda deyarli amal qilmayapti. Bu raqamli bolalik odatiy holga aylangan sharoitda jiddiy muammoga aylanmoqda. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bunday qonunlarni raqamli voqelikka moslashtirishimiz mumkin va zarur. Bolalar gadjetlardan erkin foydalana olishlari, ammo shu bilan birga onlayn zo‘ravonlik, manipulyatsiya va shaxsiy ma’lumotlar tarqalishi qurboniga aylanmasliklari muhim. Erkinlik va himoya o‘rtasidagi muvozanat - kelajakdagi islohotlarning asosiy tamoyiliga aylanishi lozim.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (EI)ning moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.