Янгиликлар

Mualliflik huquqi va sun’iy intellekt

So'nggi paytlarda O'zbekistondagi ko'plab OAV va jurnalistlar sun'iy intellekt (SI)ga asoslangan turli xizmatlardan tobora ko'proq foydalanishni boshladilar. ChatGPT, Midjorney, Gemini va boshqalar kabi xizmatlar eng mashhurlari. Amaliy nuqtai nazardan, SI yordamida yaratilgan materiallar mualliflik huquqi ob'yektlariga tegishlimi yoki yo'qmi, degan savol muhim ko'rinadi. O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida bugungi kunda SI tushunchasining ta'rifi yo'q. Shuning uchun biz vikipediyada berilgan ta'rifdan foydalanish mumkin, deb hisoblaymiz. "Sun'iy intellekt - sun'iy intellektual tizimlarning an'anaviy ravishda insonning huquqi deb hisoblanadigan ijodiy vazifalarni bajarish xususiyati; intellektual mashinalarni, ayniqsa intellektual kompyuter dasturlarini yaratish ilmi va texnologiyasi." Bunda O 'zbekiston Respublikasining "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida"gi qonuni mualliflik huquqi ob'yektlariga taalluqli bo' lmagan materiallar ro'yxatini belgilaydi. Xususan, O'zbekiston Respublikasining "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida"gi qonun 8-moddasi 1-qismining 6-bandida: "bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyatni inson tomonidan amalga oshirmasdan muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo'ljallangan texnik vositalar yordamida olingan natijalar" ko'zda tutilgan Ya'ni, ijodiy faoliyatni amalga oshirmasdan texnik vositalar (yoki ularning ajmlanmasi) yordamida yaratilgan materiallar mualliflik huquqi ob'yekti hisoblanmaydi. Ushbu turdagi texnik vositalarga SI ham kiradi, chunki SI aslida foydalanuvchisining SIga mos so'rovlari asosida ma'lum natijalarni berish uchun o'zaro ta'sir qiluvchi kompyuterlar, dasturlar va ma'lumotlar bazalaridan iborat. Shunday qilib, jismoniy shaxsning ijodiy faoliyatisiz sun'iy intellekt yordamida yaratilgan materiallar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq mualliflik huquqi ob'yekti hisoblanmaydi. Shunga ko'ra, bunday materiallar mualliflik huquqi ob'yektlariga qonun va O'zbekiston Respublikasining xalqaro kelishuvlari bilan berilgan himoya vositalaridan foydalanmaydi. Va agar boshqa OAV Siz yaratgan sun'iy intellekt materiallaridan foydalansa, Siz bunday foydalanishni taqiqlay olmaysiz.

Amalda, bu shuni anglatadiki, agar sun'iy intellekt yordamida yaratilgan va OAVda nashr etilgan maqola, fotosurat, video yoki boshqa materiallar, tegishli OAV yoki jurnalistning roziligisiz uchinchi shaxslar tomonidan qayta nashr etilgan bo'lsa, mualliflik huquqining buzilishi, deb hisoblanmaydi, chunki bunday materiallar mualliflik huquqi ob'yekti emas, qonun bilan himoya qilinmaydi.

Shuningdek, "dipfeyk"larni yaratish uchun sun'iy intellektdan foydalanish, ya'ni haqiqiy bo'lmagan fotosuratlar, video- va audiomateriallarni yaratish OAV va jurnalistlar faoliyatida tez-tez duch keladigan dolzarb masalalardan biridir.

Bu yerda tushunish kerakki, mualliflik huquqi "dipfeyklar"ga ham taalluqli emas, ammo" dipfeyklar" boshqa qonunlarni buzadigan ma'lumotlarni o'z ichiga olishi mumkin. Masalan, " dipfeykda pornografik materiallar yoki tuhmat, muayyan shaxslarni haqorat bo'lishi mumkin. Bunday holda, bunday "dipfeyk"ning yaratuvchisi va tarqatuvchilari O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.