Yangiliklar

Internet hamma narsani eslab qoladi: bugungi kunda ko’rinmas bo’lib qolish mumkinmi?

Messenjerlarda muloqot qilganimizda, izoh qoldirganimizda yoki onlayn xizmatlardan foydalanganimizda, biz taxallus ortiga yashirinishimiz yoki VPN yordamida yashirinishimiz mumkindek tuyuladi. Internetda ko‘rinmaslik illyuziyasi juda jonli bo‘lib qolmoqda, ammo haqiqat ancha qat’iy: zamonaviy texnologiyalar va qonunlar shunday tuzilganki, to‘liq anonimlik deyarli imkonsiz. Biz internetda nimaiki qilmaylik, barchasi ma’lum bir shaxs bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin - masala faqat bu ma’lumotlarga kim va qachon kirish imkoniyatiga ega bo‘lishida.

Anonimlik har doim so‘z erkinligini himoya qiluvchi vosita bo’lgan. Bir paytlar yozuvchilar taxallus ostida matnlarni nashr etishgan, jurnalistlar manbalar bilan yashirincha muloqot qilishgan va maxfiylik huquqi konstitutsiyalarda mustahkamlangan. Ammo XXI asrda bu himoya darz ketmoqda. Internet - har bir qadam ko‘rinadigan, har bir harf abadiy saqlanadigan maydonga aylandi. Biz ko‘pincha o‘zimizga savol beramiz: bugungi kunda anonimlik huquqi mavjudmi yoki bu allaqachon afsonaga aylanganmi?

Zamonaviy texnologiyalar odatiy maxfiylik chegaralarini yo‘q qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar telefon raqami va ba’zan hatto pasport orqali tasdiqlashni talab qiladi. Brauzerlar va qidiruv tizimlari IP-manzildan tortib qidiruv tarixi va geolokatsiyagacha bo‘lgan metama’lumotlarni to‘playdi. Videokuzatuv kameralari tobora ko‘proq yuzni aniqlash tizimi bilan jihozlanmoqda: masalan, Londonda faqat 2024-yilning o‘zida politsiya live facial recognition texnologiyasi yordamida mingdan ortiq hibsga olishlarni amalga oshirdi (Sky News). Hatto uzoq vaqt davomida anonimlik ramzi hisoblangan kriptovalyutalar ham bugun blokcheyn vositalari orqali tahlil qilinmoqda. Shu bilan birga, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, VPN yoki Tor’dan foydalanish ham to‘liq ko‘rinmaslikni kafolatlamaydi: 2010-yilda Electronic Frontier Foundation “raqamli brauzer izlari" deb ataluvchi noyob xususiyatni isbotlab bergan edi. Bu xususiyat qurilma parametrlari to‘plami orqali foydalanuvchini kuzatish imkoniyatini beradi. Keyinchalik EFF’ning "Behind the One-Way Mirror" hisobotida himoyalangan tarmoqlar va anonimayzerlar ham zaifliklarni bartaraf eta olmasligi ko‘rsatildi. Zamonaviy akademik sharhlar browser fingerprinting (brauzer barmoq izlari) faol rivojlanayotganini va raqamli maxfiylikka jiddiy tahdid bo'lib qolayotganini tasdiqlaydi.

Qonunlar faqat nazoratga moyillikni kuchaytiradi. Yevropa Ittifoqida GDPR mavjud bo‘lib, u shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiladi va fuqarolarga ma’lumotlarni unutish huquqini beradi. Ammo bu faqat nazariyada: internetdan o‘zingiz haqidagi barcha izlarni o‘chirib tashlashga urinib ko‘ring, bu imkonsiz ekanini tezda anglaysiz. Xitoyda barcha akkauntlarni pasport orqali ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy. AQShda so‘z erkinligi Konstitutsiya bilan himoyalangan, biroq maxsus xizmatlar provayderlardan ma’lumotlarni qonuniy ravishda olish huquqiga ega. O‘zbekistonda "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonun mavjud bo‘lib, u fuqarolarning ma’lumotlarini mamlakat ichida saqlashni majburiy qiladi. Bu esa nazoratni kuchaytiradi, ammo foydalanuvchiga haqiqiy maxfiylikni boshqarish vositalarini bermaydi.

Anonimlikni himoya qilish kerakmi? Tarafdorlar “ha”, deydi. Chunki anonimliksiz jurnalistlar, blogerlar, huquq himoyachilari erkin ishlay olmaydi. Qarshilari esa “yo‘q” deb hisoblaydi: anonimlik — kiberjinoyatchilar, firibgarlar va feyk mualliflari uchun niqobdir. Murosaga kelish mumkinmi? Mutaxassislarning fikricha, to‘liq anonimlik huquqi o‘rniga nazorat qilinadigan maxfiylik haqida gapirish kerak. Inson o‘zi haqida qanday ma’lumotlar to‘planishini bilishi, ulardan foydalanishni cheklash va ma’lumotlarni o‘chirishni talab qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Savol kengroq: davlat nazorati qo‘rqinchlimi yoki bizni o‘zimizdan yaxshiroq biladigan algoritmlar kuchimi? Kameralar har bir qadamingizni kuzatishi mumkin, ammo bundan ham sezilmas darajada bizni ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari va marketing platformalari algoritmlari o‘rganadi. Ular bizning xatti-harakatlarimizni bashorat qiladi, qarorlarga ta’sir qiladi, "axborot pufagi"ni shakllantiradi. Demak, biz yashayotgan dunyoda ko‘pincha yashirmoqchi bo‘lganimizdan ko‘ra ko‘proq narsani ixtiyoriy ravishda o‘zimiz ochib beramiz.

O‘zbekistonda bu mavzu hali jamoatchilik muhokamasining markazida emas. Ammo elektron davlat xizmatlarining rivojlanishi, kameralar sonining ko‘payishi va kundalik hayotning raqamlashtirilishi uni tobora dolzarb qilmoqda. Bizning ma’lumotlarimizga kimlar ega? Kompaniyalar ularni biznes uchun qanday ishlatmoqda? Fuqaro shaxsiy ma’lumotlarini o‘chirib tashlashni talab qila oladimi? Bu masalalar nafaqat raqamli muhitga bo‘lgan ishonch darajasini, balki odamlar, ayniqsa, jurnalistlar va faollar xavfsizligini ham belgilaydi.

2025-yil sentyabr oyida Qonunchilik palatasida fuqarolarning fotosuratga yoki videotasvirga olish va tasvirdan foydalanishdan oldin majburiy roziligini olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilingan edi. Bolalar uchun alohida qoidalar, kamerali tashkilotlar uchun esa ogohlantiruvchi belgilar qo‘yish majburiyati ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini himoya qilishga intilishdan dalolat beradi, biroq mutaxassislar ta’kidlashicha: bunday choralar ehtiyotkorlik bilan muvozanatlashtirilishi kerak, aks holda so‘z erkinligi va jurnalistlar faoliyati cheklanishi mumkin.

Bugungi kunda anonimlik endi mutlaq emas, balki murosadir. Tarmoqdan butunlay g‘oyib bo‘lishning iloji yo‘q, lekin raqamli izingizni boshqarishni o‘rganishingiz mumkin. Axir, gap biz butunlay ko‘rinmas bo‘la olishimiz yoki olmasligimiz haqida emas, balki raqamli shaxsiyatimizni kim boshqarishida: biz o‘zimizmi yoki algoritmlarmi? Va aynan shu savolga beriladigan javob raqamli huquqlar kelajagini belgilaydi.



Shaxsiy ma’lumotlaringizni qanday himoya qilish mumkin: har bir kishi uchun mini-cheklist

  • Xizmatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun "bir martalik" elektron pochta va telefon raqamlarini yarating. Bu ma’lumotlar sizib chiqishi va spam xavfini kamaytiradi, shuningdek, xizmat bloklanganda asosiy kontaktlaringiz xavfsizligini ta’minlaydi.
  • Internetda siz haqingizda qanday ma’lumotlar borligini tekshiring. Masalan, Have Been Pwned kabi xizmatlar va mahalliy tashabbuslar mavjud bo‘lib, ular elektron pochta yoki telefon raqamingiz sizdirilgan ma’lumotlar bazasiga tushgan-tushmaganligini ko‘rsatadi.
  • Turli vazifalar uchun turli brauzerlardan foydalaning. Biri - faqat ish uchun, ikkinchisi - shaxsiy ishlar uchun, uchinchisi - anonim qidiruvlar uchun. Bu "profillarni ajratishga" yordam beradi va to‘liq portret tuzishni murakkablashtiradi.
  • Telefondagi ilovalarning ruxsatlarini muntazam tekshirib turing. Ko‘plab dasturlar haqiqiy zarurat bo‘lmasa-da, geoma’lumotlarni to‘plashni yoki mikrofonni tinglashni davom ettirmoqda.
  • "Xususiy DNS" funksiyalari yoki treker bloklagichlardan foydalaning. Bu saytlar va ilovalarning fon rejimida ulashadigan yashirin so‘rovlardan himoyalaydi.
  • "Raqamli vasiyatnoma rejasi"ni yarating. Agar hisob va fayllaringizni boshqara olmasangiz, ularga nima bo‘lishini oldindan belgilang. Bu raqamli huquqlarning yangi, ammo muhim jihatlaridan biridir.





Diskleymer

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (EI)ning moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
2025-10-03 20:25