Yangiliklar

Men endi farzandlarimning suratlarini tarmoqqa joylashtirmayman: shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan munosabat qanday o‘zgarmoqda?

Farzandlar — ota-onalar uchun eng oliy qadriyatdir, raqamli texnologiyalar asrida esa bu tabiy ravishda ularning ilk qadamlari, maktabdagi g‘alabalari yoki quvnoq gap-so‘zlari kabi muvaffaqiyatlarini boshqalar bilan ulashish istagiga aylanadi. Ko‘pchilik ota-onalar bunday lahzalarni faqat yaqinlar uchun ochilgan yopiq guruhlarda emas, balki istalgan odam ko‘rishi mumkin bo‘lgan ochiq tarmoqlarda e’lon qiladi.

Ushbu fenomen «sherenting» (sharenting — inglizcha share (ulashmoq) va parenting (ota-onalik) so‘zlaridan) nomini oldi va so‘nggi yillarda tobora jiddiy ilmiy hamda huquqiy tahlil obyektiga aylanib bormoqda. Bir-biridan mustaqil ravishda tadqiqot olib borgan uch nafar olim turli nuqtayi nazardan yondashib, yagona xulosaga kelishdi. Ularning dalillari birlashib, nima sababdan bolalar suratlarini tarmoqqa joylashtirish endilikda shunchaki oddiy va zararsiz odat bo‘lmay qolganining yaxlit manzarasini ko‘rsatib beradi.

Etik jihat: bola o‘z roziligini bermagan
Garvard universiteti tadqiqotchisi Liya Plankett o‘zining «Sharenthood: Why We Should Think Before We Talk About Our Kids Online» («Sherenthud: Bolalarimiz haqida internetda gapirishdan oldin nima uchun o‘ylashimiz kerak?») nomli kitobida muammoni nihoyatda keskin tarzda o‘rtaga tashlaydi: bolaning suratini tarmoqqa joylashtirish orqali biz uni shaxsiy hayot daxlsizligi huquqidan mahrum qilamiz. Olimaning keltirgan dalili qandaydir aniq bir noqulay surat haqida emas, balki fundamental prinsip xususidadir: shaxsiy raqamli iz (raqamli tarix) qoldirish to‘g‘risidagi qarorni faqatgina shu ish daxldor bo‘lgan insonning o‘zi qabul qilishi kerak. Bola hali e’tiroz bildirish yoshiga yetmagan ekan, uning o‘rniga kimdir bu qarorni qabul qilishga haqli emas.

Huquqiy jihat: kimning huquqi ustunroq?
Huquqshunos Steysi Steynberg o‘zining «Sharenting: Children's Privacy in the Age of Social Media» (Emory Law Journal, 2017) nomli maqolasida aynan shu muammoni sof huquqiy tekislikka olib o‘tadi va bu shunchaki mavhum axloqiy bahs emas, balki ikki qonuniy manfaat o‘rtasidagi real to‘qnashuv ekanini ko‘rsatib beradi. Bular — bolaning shaxsiy hayot daxlsizligi hamda normal rivojlanish huquqi va ota-onaning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqidir. Steynbergning ushbu asari muammoning ochiq-oydin ko‘rinadigan soxta soddaligiga chek qo‘yishi bilan muhim ahamiyatga ega: endilikda «bu mening farzandim, nima qilsam o‘zim bilaman» qabilida shunchaki gapirib bo‘lmaydi — chunki bolaning ham o‘z huquqlari bor va bu huquqlar ota-onaning huquqlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga kirishadi.

Texnik jihat: gap maxfiylik sozlamalarida emas
Kiberhavfsizlik bo‘yicha ekspert Bryus Shnayer o‘zining «Ma’lumotlar va Gofat» («Data and Goliath», 2015) nomli kitobida odatda e’tibordan chetda qoladigan muhim bir dalilni keltirib o‘tadi: maxfiylik sozlamalari — profilning ochiq yoki yopiqligi — aslida hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu yerda eng muhim omil — suratning texnologik kompaniyalar serverlariga yuklanishining o‘zidir: ular ushbu tasvirlarni muddatsiz ravishda to‘playdi, tahlil qiladi va saqlaydi. Shnayerning fikricha, ota-onalar shu tariqa farzandlarining biometrik ma’lumotlarini hamda ijtimoiy aloqalari haqidagi axborotlarni tijoriy kuzatuv tizimlariga mutlaqo bepul topshirib yubormoqdalar. Eng achinarli jihati, ular buni bola bu narsaga roziligi yoki noroziligini mustaqil hal qila oladigan yoshga yetmasidan oldin amalga oshirishmoqda.

Ushbu uchta pozitsiyani nima birlashtiradi?
Agar ushbu dalillarni bir joyga jamlasak, qarshimizda uchta bir-biridan uzilgan ogohlantirish emas, balki izchil mantiqiy zanjir namoyon bo‘ladi: Plankett fundamental huquq haqida gapiradi, Steynberg bu huquqning yuridik jihatdan muhimligini va ota-ona huquqlari bilan raqobatga kirishishini isbotlaydi, Shnayer esa ota-onaning maxfiylik sozlamalari haqida qanchalik qayg‘urganidan qat’i nazar, ushbu tanlovning oqibatlari texnik jihatdan ortga qaytarilmasligini ko‘rsatib beradi. Boshqacha aytganda, muammo suratni qandaydir «noto‘g‘ri odam» ko‘rib qolishi mumkinligida emas — muammo shundaki, ushbu tasvir bola o‘zi yaratishni tanlamagan shaxsiy ma’lumotlar bazasining abadiy qismiga aylanib ulgurganidadir.

Bu amaliyotda nimani anglatadi?
Bu bolalarni umuman suratga olmaslik yoki ularning hayotidagi muhim lahzalarni muhrlashni taqiqlashga chaqiriq emas — gap ijtimoiy tarmoqlarga rasm joylashtirishga shunchaki kundalik odatiy harakat emas, balki boshqa bir insonning endigina shakllanayotgan shaxsiyatiga daxldor jiddiy qaror sifatida yondashish haqida bormoqda. Bolaning suratini ommaga ochiq tarmoqqa yuklashdan oldin, o‘zimizga quyidagi savolni berib, unga halol javob qaytarishimiz lozim: «Agar unda tanlash imkoniyati bo‘lganida, u buni xohlagan bo‘larmidi?»

Biroq bolaning shaxsiy hayot daxlsizligi faqatgina uning ruxsatisiz tarmoqqa joylashtirilgan fotosuratlar masalasigina emas. Bolalar ulgʻayib, internetning faol foydalanuvchilariga aylanib borishgani sayin, aynan oʻsha masala — ularning raqamli hayotini kim va qanday asosda tasarruf etishi muammosi yana kun tartibiga chiqadi. Faqat bu safar teskari koʻrinishda: endi ota-ona dunyoga nimani koʻrsatishni emas, balki bolaning hayotida nimalarni koʻrishga haqli ekanini hal qila boshlaydi.

Ota-onalar farzandlarini internetda qanday nazorat qiladi — xavfsizlik va poyloqchilik o‘rtasidagi chegara qayerda?
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar butunlay o‘zgardi. Agar oldinlari ota-onalar farzandining hovlida kim bilan o‘ynayotganidan xavotir olgan bo‘lsa, bugungi kunda bu xavotir raqamli olamga — o‘smirlar vaqtining asosiy qismini o‘tkazadigan makonga ko‘chdi. Internet muloqot, ta'lim va o‘zini namoyon qilish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi, biroq shu bilan birga yangi tahdidlar ham paydo bo‘ldi: kiberbulling, firibgarlik, zararli kontent, xavfli onlayn-hamjamiyatlar va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik. Aynan shuning uchun ham ko‘plab ota-onalar barchasini o‘z nazorati ostida ushlab turishga harakat qiladi: yozishmalarni tekshiradi, telefondan foydalanish vaqtini cheklaydi, layk va obunalarni kuzatib boradi, ota-ona nazorati dasturlarini o‘rnatadi.

Ammo g‘amxo‘rlik tugab, mutlaq nazorat boshlangan nuqtada ishonch ham sekin-asta yemiriladi. O‘smir qo‘llab-quvvatlovni emas, balki bosim va doimiy kuzatuvni his qila boshlaydi. Unga endi xuddi o‘zidek bo‘lishi va erkin muloqot qilishi mumkin bo‘lgan shaxsiy makoni yo‘qdek tuyuladi. Oqibatda oilada tushunmovchilik, asabiylik va ziddiyatlar tez-tez yuzaga keladi. Ochiq-oydin suhbat o‘rnini yashirinlik va uzoqlashish egallaydi: bolalar yashirin akkauntlar ochadi, yozishmalarni o‘chirib tashlaydi, o‘zining asl his-tuyg‘ulari va qiziqishlarini sir tutadi.

Ushbu vaziyatdagi eng murakkab jihat — xavfsizlik va ishonch o‘rtasidagi muvozanatni topish. Axir har bir o‘smir ota-onasi tomonidan nafaqat himoyani, balki uning shaxsiyati, fikri va shaxsiy chegaralariga bo‘lgan hurmatni ham his qilishi o‘ta muhimdir.

Ota-onalar farzandlarining yozishmalarini tekshirishga haqlimi?
Xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi Marjona ota-onasi uning onlayn muloqotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini hali ham qattiq nazorat qilishi haqida so‘zlab berdi. Ular Telegram’dagi yozishmalarni muntazam tekshiradi, kimlar bilan gaplashayotganiga qiziqadi, shuningdek, qaysi postlarni ko‘rayotgani va ularga layk bosayotganini kuzatib boradi. Ota-ona o‘z harakatlarini qizining xavfsizligi haqida qayg‘urish hamda uni internetning salbiy ta’siridan himoya qilish istagi bilan izohlaydi.

Biroq Marjonaning o‘zi buni shunchaki g‘amxo‘rlik emas, balki shaxsiy chegaralarining buzilishi deb qabul qiladi. Uning fikricha, inson voyaga yetganidan keyin, hatto ota-onasi u uchun xavotir olishni davom ettirgan taqdirda ham, oilada ishonchni his qilish va shaxsiy makonga ega bo‘lish huquqi u uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

Jurnalistika fakulteti talabasi Shahboz ham o‘tmishda ota-onasi uning telefoni va yozishmalarini muntazam tekshirib turganini so‘zlab berdi. Bunga sabab — ular o‘g‘lining suhbatdoshlariga ishonmagani va uning nimalar bilan mashg‘ul ekanligidan xavotirda bo‘lganidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-ona nazorati internetning o‘zi bilan emas, balki ko‘proq atrof-muhit va boshqa odamlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ammo u universitetga o‘qishga kirganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Ota-ona o‘g‘lining qarorlarni yanada anglagan holda qabul qilayotganini va o‘z hayotini mustaqil ravishda qurayotganini ko‘rib, unga ko‘proq ishona boshladi. Talabaning o‘zi oilada paydo bo‘lgan aynan shu ishonch tufayli vaqt o‘tishi bilan nazorat susayganini ta’kidladi.

Shuningdek, u ko‘plab ota-onalarni o‘smirning uyga kech qaytishi yoki biror klubga borishi emas, balki uning qanday davrada ekani va atrofida kimlar borligi ko‘proq qo‘rqitishini qo‘shimcha qildi. Talabaning fikricha, aynan farzand xavfsizligi uchun xavotir hissi ko‘pincha ota-onalar tomonidan qattiq nazorat o‘rnatilishiga sabab bo‘ladi.

Ko‘plab ota-onalar yozishmalarni tekshirishni bolani internetdagi xavf-xatarlar va salbiy muhitdan himoya qilish uchun zaruriy chora deb hisoblaydi. Biroq o‘smirlar buni aksariyat hollarda shaxsiy chegaralarning buzilishi va ishonchga nisbatan xiyonat sifatida qabul qiladi.

Internetda ota-ona nazorati masalasi zamonaviy jamiyatda eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, ota-onalarni tushunish mumkin: raqamli muhit haqiqatan ham xavf-xatarlarga to‘la, o‘z farzandini himoya qilish istagi esa har bir oila uchun tabiiydir. Ikkinchi tomondan, yozishmalarning tinimsiz tekshirilishi va ijtimoiy tarmoqlardagi har bir qadamning nazorat qilinishi ko‘p hollarda bolalar va ota-onalar o‘rtasida tushunmovchilik hamda hissiy uzoqlashishga sabab bo‘lmoqda.

Mualliflar: Abdullayev Muslim, Shahobiddinova Arjumandbonu