Янгиликлар

Bastakor Sultonali Rahmatov buzilgan mualliflik huquqini tiklashga harakat qilmoqda

Bastakor Sultonali Rahmatov mualliflik huquqini himoya qilishda muammolarga duch keldi. Uning “Assalom O‘zbekiston” asari “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Assalom O‘zbekiston” ko‘rsatuvida 1994-yildan beri mualliflik haqi to‘lanmagan holda foydalanib kelingan.
S.Rahmatov San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqini himoya qilish Palatasiga murojaat qilib, sud orqali tovon (kompensatsiya) olish va unga yetkazilgan ma’naviy zararni undirishga harakat qildi.
Bastakorning advokatlarida sud qarori yuzasidan ko‘plab savollar mavjud. Masalan, sud 1996-yilda qabul qilingan va 2006-yil 20-iyulda o‘z kuchini yo‘qotgan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 33-moddasiga tayanib qaror qabul qilgan.
1996-yil 30-avgustdagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasi. Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilotlar tomonidan asarlarni qisqa muddat foydalanish maqsadida erkin yozib olish

(1996-yil 30-avgustdagi Qonun 2006-yil 20-iyulda o‘z kuchini yo‘qotgan).

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilot o‘zi efirga uzatish huquqini olgan asarni muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va qo‘shimcha haq to‘lamagan holda qisqa muddat foydalanish maqsadida yozib olishga haqlidir, bunda efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilot yozuvni o‘z uskunalari yordamida hamda o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlari uchun amalga oshirishi shart.

Basharti bunday yozuvni saqlab turishning uzoqroq muddati muallif bilan kelishilgan bo‘lmasa, u tayyorlanganidan keyin olti oy ichida yo‘q qilib yuborilishi shart. Agar bunday yozuv butunlay hujjatli ruhda bo‘lsa, u asar muallifining roziligisiz rasmiy arxivlarda saqlab qo‘yilishi mumkin.
Javobgar muallifga haqni to‘lashdan bosh tortishi uchun asos sifatida sudya qarorda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (FK)ning 97-moddasini keltiradi. Ayni vaqtda ushbu moddada huquq egasining o‘z asaridan uchinchi shaxslar foydalanishida mutlaq huquqlarga ega ekanligi aytilgan.
FKning 97-moddasi. Intellektual faoliyat natijalari

Fuqaroning yoki yuridik shaxsning ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda intellektual faoliyatning aniq ifoda etilgan natijalari hamda yuridik shaxsning bu natijalarga tenglashtirilgan o‘ziga xos vositalari, ana shu ishlar yoki xizmatlarni ado etayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mahsulotlari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va h.k.)ga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi e’tirof etiladi.

Mutlaq huquq ob’ekti bo‘lgan intellektual faoliyat natijalari va o‘ziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining ruxsati bilangina foydalanishlari mumkin.
Sud tomonidan S.Rahmatovning mualliflik haqi olishdan bosh tortganligi to‘g‘risidagi xatning yozilishi sabablariga aniqlik kiritilmagan. Aslida xat teleradiokanal S.Rahmatovga oylik maoshi to‘lash sharti bilan uni ishga olishga rozilik bildirgani uchungina yozilgan. Muallif teleradiokanal mutasaddilari oldindan tayyorlab olib kelgan xatni ularning aldoviga uchib imzolagani, haqiqiy holatdan xabardor bo‘lgani bilanoq, o‘zi imzolagan xatni oqibatsiz qoldirishlari to‘g‘risida teleradiokanalga yozma ravishda ariza bilan murojaat qilgani holati hech bir sud bosqichida inobatga olinmagan va tegishli huquqiy baho berilmagan.

Sud bunday tilxatga dalil sifatida asoslanishi mumkin emas. Chunki, xat O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 38-moddasiga zid bo‘lib, u hech qanday huquqiy oqibat tug‘dirmaydi. Qonunning ushbu normasiga ko‘ra mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.
Nizoli ish ko‘rilgan biror-bir sud instansiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 23-iyun “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 19-son qarorining tegishli ko‘rsatmalariga rioya etmaganligi tushunarsizdir.
Qarorning 16-bandi:

Sudlar ... muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlari turlari, mazmuni va hajmlaridan qat’iy nazar unga tegishli bo‘lishi, bunday huquqlar mulkiy huquqlar boshqa shaxslarga o‘tkazilgan taqdirda ham saqlab qolinishi e’tiborga olinishi lozim. Shu sababli, shaxsiy nomulkiy huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish haqidagi bitimlar (masalan, muallifning o‘z xohishiga ko‘ra ushbu huquqdan voz kechib, uni bitim yoki shartnoma asosida berishi) FK 116-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanadi.
Qonunchilikka ko‘ra shaxsiy nomulkiy huquqlar toifasiga muallif deb e’tirof etilish huquqi, muallifning ismiga bo‘lgan huquq, oshkor qilishga bo‘lgan huquq, asarni chaqirib olish huquqi, muallif obro‘sini himoya qilish huquqi kiradi.

Sudlar bastakor S.Rahmatovning musiqiy asaridan teleradiokanal shartnomasiz foydalanganlik da’vosini rad etdi. Bu holat sud qarorlarining adolatliligiga shubha uyg‘otadi. Apellyatsiya instansiyasida ham muallifning da’vosi rad etildi.

Sud qaroriga ko‘ra da’vo ariza bilan murojaat qilgan muallif 2 mln.so‘m miqdorida davlat boji ham to‘lashi shart.

Sudlar tomonidan qonun normalarining noto‘g‘ri qo‘llanishi, mualliflar huquqlariga bepisandlik bilan qarash, soha oid xalqaro normalarga e’tibor qaratmaslik, natijada asossiz qarorlar qabul qilinishi bilan bog‘liq noto‘g‘ri amaliyot (pretsedent)dan so‘ng mualliflar o‘z huquqlarini tiklash, buzilgan huquqlarini himoya qilishni so‘rab sudlarga murojaat qilishni xohlaydilarmi? Huquq egalari mualliflik huquqining himoyasiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar va soha qonunlariga ishonadilarmi? Muallifning asaridan foydalanishdan oldin rozilik olish, unga tegishli haq to‘lash, yetkazilgan zararni undirish va ma’naviy zararni qoplash bo‘yicha huquqlarini amalga oshirishda sudlar kafolatmi? Qonun hujjatlarida nazarda tutilganidek teleredio kanallar tomonidan mualliflik huquqi bilan muhofazaga olingan asarlardan o‘zlari xohlaganday foydalanaverishlari mumkinmi, degan savollar ochiqligicha qolmoqda.