Янгиликлар

Toshkentda mashhur vayner Dili.me hibsga olindi

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, 23 yanvar kuni Dili.me nomi bilan mashhur vayner, fuqaro U.D. jamoatda o'zini tutish qoidalarini buzgan holda do'stlari bilan fuqaro P.A. ni kaltaklab, unga turli og'irlik darajasidagi tana jarohatlarini yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tuman prokuraturasi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan ish qo'zg'agan.
277-modda. Bezorilik
Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bezorilik:
a) badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib:
b) bir guruh shaxslar tomonidan;
v) sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab;
g) o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan;
d) yosh bola, qariya, nogironligi bo‘lgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xo‘rlab;

e) ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bezorilik:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab;
v) ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda;
g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ta'kidlanishicha, gumonlanuvchi bir necha bor chaqirtirilishiga qaramay, mazkur jinoiy ish yuzasidan tergov ishida ishtirok etishdan bo'yin tovlab kelgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida U.D. 10 mart kuni qo'lga olindi va majburiy tarzda tergov ishiga jalb qilindi.

Ayni damda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibi.