Yangiliklar

Raqamli almashinuv

Sun’iy intellekt texnologiyalari yangi davrni - simulyatsiyalar davrini ochib berdi. Neyrotarmoqlar yordamida nafaqat ma’lum bir shaxsning nutqi, yuzi va mimikasini taqlid qilish, balki uning nomidan "gapirish" va "harakat qilish" qobiliyatiga ega bo‘lgan haqiqiy raqamli nusxalarni yaratish mumkin. Deepfake endi beozor ermak/zararsiz o’yinchoq sifatida qabul qilinmaydi: u bosim o‘tkazish, obro‘sizlantirish va manipulyatsiya vositasiga aylandi. Va agar bir necha yil oldin bu texnologik forumlarning mavzusi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu sud tizimi va shaxs huquqiga jiddiy chaqiriqdir.
Sun’iy intellekt texnologiyalari yangi davrni - simulyatsiyalar davrini ochib berdi. Neyrotarmoqlar yordamida nafaqat ma’lum bir shaxsning nutqi, yuzi va mimikasini taqlid qilish, balki uning nomidan "gapirish" va "harakat qilish" qobiliyatiga ega bo‘lgan haqiqiy raqamli nusxalarni yaratish mumkin. Deepfake endi beozor ermak/zararsiz o’yinchoq sifatida qabul qilinmaydi: u bosim o‘tkazish, obro‘sizlantirish va manipulyatsiya vositasiga aylandi. Va agar bir necha yil oldin bu texnologik forumlarning mavzusi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu sud tizimi va shaxs huquqiga jiddiy chaqiriqdir.

Yuristlar endi rasm, video yoki ovozni shubhasiz dalil sifatida qabul qila olmaydilar. Mukammal soxtalik yaratishning texnologik imkoniyati an’anaviy ishonchlilik prezumpsiyasini yo‘q qildi. Masalan, AQShda insonning ruxsatisiz uning yuzidan foydalangan holda tasvirlarni yaratuvchi va tarqatuvchi xizmatlarga qarshi qaratilgan AB 621 qonun loyihasi qabul qilindi, bu esa deepfake asta-sekin mustaqil huquqiy tartibga solish predmetiga aylanib borayotganining yana bir dalilidir.

Turli mamlakatlar sudlarida allaqachon deepfake bosim o‘tkazish va obro‘ni to‘kish vositasiga aylanib borayotgan ishlar ko‘rib chiqilmoqda. Shunday qilib, Kaliforniyada San-Fransisko prokuraturasi konsensual bo‘lmagan deepfake-pornografiya yaratgan 16 ta saytga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Tekshiruv natijasida ularning o‘ntasi yopildi, sud esa bunday xatti-harakatlarni tasvir huquqiga va shaxsning qadr-qimmatiga tajovuz deb topdi. Janubiy Koreyada mashhur ayollarning soxta videolari va tasvirlari bilan bog‘liq ketma-ket janjallardan so‘ng, parlament jinoiy javobgarlikni kuchaytirdi: endi hatto shaxsning roziligisiz deepfake-pornografiyani tomosha qilish yoki uni saqlash uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 30 million vongacha jarima bilan jazolanadi. Bu holatlar shuni ko‘rsatadiki, huquq tizimi insonning sha’ni va obro‘siga ziyon yetkazilgandan keyingina harakatga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Ammo agar bu tendensiya o‘zgarmasa, sud yaqin kelajakda nafaqat kim haqligini, balki qaysi holat haqiqat va qaysi biri sun’iy ravishda yaratilgan simulyatsiya ekanligini ham aniqlashga majbur bo‘ladi.

Asosiy tahdid nafaqat obro‘ga putur yetkazishda, balki dalillarga ishonch inqirozida hamdir. Agar istalgan video sun’iy tarzda yaratilishi mumkin bo‘lsa, sud haqiqatni emas, balki simulyatsiyani ko‘rib chiqayotganiga kim kafolat beradi? Odil sudlov uchun bu tizimli xavf: soxtalashtirish asl nusxadan farq qilmaydigan bo‘lib qolsa, uning poydevori - xolislik tamoyili qulaydi. Bunga javoban, ba’zi mamlakatlar allaqachon raqamli suv belgilari, blokcheyn tekshiruvi va sun’iy intellekt kontentining sud ekspertizasini joriy etmoqda. Lekin universal mexanizm yo‘q.

Jahon amaliyoti oldindan harakat qilishga urinmoqda. AQShda DEEPFAKES Accountability Act qabul qilingan bo‘lib, u sun’iy kontentni belgilash majburiyatini va ogohlantirishsiz soxta materiallarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Yevropa Ittifoqida sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun AI Act (2024) sun’iy intellekt tizimlari operatorlarining foydalanuvchini kontent yaratish fakti haqida xabardor qilish majburiyatini belgilaydi va GDPR biometrik ma’lumotlarni - jumladan yuz va ovozni - o‘ta sezgir ma’lumotlar toifasiga kiritadi. Janubiy Koreya texnologik yetakchi davlatlardan biri sifatida deepfake-videolarni roziliksiz yaratishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyatlar ro’yxatiga kiritgan. Natijada, insonning raqamli identifikatsiyasi asta-sekin huquqni muhofaza qilish obyektiga aylanmoqda.

O‘zbekistonda ham bu mavzu qonunchilik kun tartibiga kiritilgan. 2025-yil 13-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi "Sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat hozircha Senatda ko‘rib chiqish bosqichida bo‘lib, uning to‘liq matni ochiq e’lon qilinmagan. Ma’lumki, loyiha "sun’iy intellekt" tushunchasini belgilaydi, ushbu sohadagi davlat siyosati tamoyillarini mustahkamlaydi va sun’iy intellektni rivojlantirish va undan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organining vakolatlarini belgilaydi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, shaxs huquqlarini algoritmik texnologiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq ehtimoliy xatarlardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Fuqarolarning huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi qarorlarni faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalari asosida qabul qilishni taqiqlovchi norma alohida ahamiyatga ega. Bu algoritm inson hukmining o‘rnini bosa olmasligining qonuniy e’tirofidir - ayniqsa, bu yerda or-nomus, obro‘ yoki huquqiy maqom xavf ostida bo‘lsa. Qonun, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish va ularni internet yoki ommaviy axborot vositalarida tarqatish uchun ma’muriy javobgarlikni ham nazarda tutadi. Shunday qilib, O‘zbekiston shaxsni himoya qilishni raqamli qonunchilikka kiritish yo‘lida birinchi qadamni tashlamoqda.

Biroq raqamli huquq nuqtayi nazaridan bu qadam faqat boshlanishi. Qonun sun’iy intellekt tizimlarini yaratish va ulardan foydalanishni tartibga soladi, ammo shaxsni simulyatsiya qilish - roziliksiz ovozli yoki vizual nusxalar yaratish, deepfake-kontent yoki tarmoq aloqalarida shaxsni almashtirish kabi holatlarini qamrab olmaydi. Bu yerda bo‘shliq mavjud: fuqaroning raqamli identifikatsiyasi - uning yuzi, ovozi, nutq uslubi - aniq belgilangan huquqiy maqomga ega emas. Demak, hozircha “sun’iy intellekt orqali yaratilgan inson nusxasi”ni roziliksiz yaratish harakatlarini bir ma’noli tarzda huquqbuzarlik deb baholashning imkoni yo‘q.

Yuridik nuqtayi nazardan, muammo yangi huquqni - raqamli haqiqiylik huquqini tan olishni talab qiladi. U quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

- shaxsning roziligisiz uning raqamli simulyatsiyalarini yaratish va tarqatishni taqiqlash;

- raqamli dalillarning haqiqiyligini aniqlash tartib-taomili;

- virtual muhitda shaxsni almashtirganlik uchun javobgarlikka tortish mexanizmi.

Bu me’yorlarsiz raqamli erkinlik muqarrar ravishda raqamli zaiflikka aylanadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari insoniyatga xizmat qiluvchi vositaga aylanishi mumkin — agar ularning rivoji huquq doirasida kechsa, ya’ni markazda algoritm yoki kod emas, balki inson shaxsi tursa. Aks holda, simulyatsiyalar haqiqatni siqib chiqaradi, sud, ommaviy axborot vositalari va jamiyat esa eng muhim mezondan — faktlarga bo‘lgan ishonchdan mahrum bo‘ladi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.