Kafe yoki dorixonada naqd pulni qabul qilishdan boshtortilganda, bu taraqqiyot sari tashlangan tabiiy qadam bo‘libtuyuladi. Naqd pulsiz to‘lov haqiqatan ham hayotniqulaylashtiradi - bir qarashda tezroq, shaffofroq vaxavfsizroqdek ko‘rinadi. Biroq raqamlashtirish qanchalikchuqurlashib borsa, yaqin-yaqingacha hech kim o‘ylamagansavollar shunchalik ko‘payib bormoqda: agar tizim ishdanchiqsa, to‘lov ma’lumotlari tarqalib ketsa yoki pulmablag‘larimizga kirish imkoniyati qo‘limizdan ketsa, nimabo‘ladi?
Muammo endi ahamiyatsiz masala bo‘lmay qoldi — uni butun dunyo bo‘ylab iqtisodchilar, huquqshunoslar va tartibga soluvchi organlar muhokama qilmoqda. Germaniya va Avstriyada naqd pul bilan to‘lash huquqini hatto Konstitutsiyada mustahkamlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner ta’kidlaganidek: "Naqd pul bilan to‘lash erkinligi bizning shaxsiyatimizning bir qismidir. Davlat fuqaroga o‘z pulini qanday sarflashni buyurishga haqli emas" (Die Welt, 2023). Raqamli texnologiyalar kundalik hayotga singib ketgan Yaponiyada naqd pul "xavfsizlik buferi" - kiberhujumlar, uzilishlar yoki texnik inqirozlar holatida himoya vositasi sifatida qaralmoqda (Sankei Shimbun, 2024). Bu munozaralar taraqqiyotdan qo‘rquvni emas, balki inson mustaqilligisiz moliyaviy barqarorlikni ta’minlab bo‘lmasligi haqidagi tushunchaning tobora ortib borayotganini aks ettiradi.
Onlayn to‘lovlar qulaylik va zamonaviylik ramziga aylandi. O‘zbekistonda QR-kodlar, Click, Payme va Humo odatiy holga aylandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda milliy to‘lov tizimlari orqali 700 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 % ko‘pdir. Bu o‘sish jamiyatning texnologiyalarga ishonishini ko‘rsatadi. Ammo ishonch bilan birga qaramlik ham ortib boradi. Har bir o‘tkazma, xarid yoki taksi buyurtmasi raqamli iz qoldiradi - kim, qayerda, nima uchun va qachon to‘lagan. Bu ma’lumotlar shunchaki statistika emas, balki raqamli asrning yangi valyutasiga aylanmoqda. Ular tijorat profayling, xulq-atvorni tahlil qilish uchun ishlatiladi va ba’zi mamlakatlarda, masalan, Xitoyda - fuqarolarning moliyaviy va raqamli ma’lumotlari xizmatlardan foydalanish va ijtimoiy imkoniyatlarga ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy reyting tizimlarida qo‘llaniladi. Garvard universiteti professori, "Kuzatuvchi kapitalizm davri" kitobi muallifi Shoshan Zuboff ogohlantirganidek: "Bizning hayotimiz haqidagi ma’lumotlar tovarga aylanganda, inson subyekt bo‘lishdan to‘xtaydi - u xomashyoga aylanadi." Shuning uchun ham bugun taraqqiyot tarafdorlari ham qulaylik taraqqiyotning yagona mezoni bo‘la olmasligini e’tirof etmoqda. Har bir to‘lov kuzatuv elementiga aylanganda, shaxsiy avtonomiya chegaralari yo‘qola boshlaydi.
Raqamli asrning paradoksi shundaki, hayotni osonlashtiradigan har qanday narsa uni yanada zaifroq qiladi. "Qulaylik - xavfsizlikning asosiy dushmani," - deya eslatadi kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspert Bryus Shnayer. To‘lov qilish qanchalik oson bo‘lsa, tizim uchun bizning harakatlarimizni kuzatish shunchalik osonlashadi. Biznes uchun bu marketing vositasi, davlat uchun - nazorat, fuqaro uchun esa - maxfiylikni yo‘qotish demakdir.
Fuqarolarning barchasi ham raqamli muhitga birdek jalb etilmagan. Qariyalar, qishloq aholisi, smartfoni yoki barqaror interneti bo’lmagan odamlar raqamli iqtisodiyotning chetida qolmoqda. Ular uchun majburiy onlayn to‘lov erkinlik emas, to‘siq bo‘lib qolmoqda. BMT o‘zining Digital Rights Report (2023) hisobotida shunday ta’kidlaydi: "Raqamlashtirish raqamli majburlashga aylanmasligi kerak. Xizmatlardan oflayn foydalanish huquqi inson huquqlarining bir qismidir." Ilovasiz hisobni to‘lay olmaslik yoki smartfonsiz chipta sotib ololmaslik- bu endi innovatsiya emas, balki istisno shakli. Shunday qilib, raqamli savodxonlik ijtimoiy tengsizlikning yangi chegarasiga, puldan foydalanishdagi tengsizlik esa kamsitishning yangi shakliga aylanadi.
Raqamli tahdidlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. Interpol ma’lumotlariga ko‘ra (2024), to‘lov ilovalari orqali kiberfiribgarlik internetdagi jinoyatlarning eng keng tarqalgan turiga aylandi. O‘zbekistonda ham raqamli tahdidlar ko‘lami ortib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda davlat va tijorat resurslariga qarshi 12 milliondan ortiq kiberhujum urinishlari qayd etilgan. Shuningdek, onlayn firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 34 % oshgani kuzatilgan.
Hodisalarning aksariyati fishing va to‘lov ilovalari orqali mablag‘larni o‘g‘irlash bilan bog‘liq. Banklar va fintex platformalari yangi himoya mexanizmlarini faol joriy etayotgan bo‘lsa-da, hech qanday texnologiya mutlaq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi. Ilgari cho‘ntak o‘g‘rilaridan qo‘rqsak, endi soxta sahifalar va firibgarlik havolalaridan qo‘rqamiz. Raqamli makonda pulni yo‘qotish nafaqat moddiy muammoga, balki raqamli taraqqiyot g‘oyasiga bo‘lgan ishonchga ham zarba bo‘ladi.
Dunyo endi qog‘oz pullar davriga qayta olmaydi, ammo moliyaviy xavfsizlik va ixtiyoriylik tamoyillarini saqlab qolishi mumkin. Raqamli transformatsiya - bu shunchaki texnologik jarayon emas, balki ijtimoiy tuzilmaning o‘zgarishidir. Pul ustidan nazorat tobora ko‘proq platformalar va nazoratchilar qo‘lida to‘planmoqda va muvozanatni saqlash uchun davlat operator emas, balki kafolatchi - insonning avtonomiya va xavfsizlik huquqini himoya qiluvchi bo‘lishi kerak. Yevropa Kengashi "Raqamli transformatsiya va inson huquqlari bo‘yicha ko‘rsatmalar" (Guidelines on Digital Transformation and Human Rights) (Council of Europe, 2022) hujjatida "Raqamli iqtisodiyot fuqarolarni kuzatuv obyektiga aylantirmasdan, ularning manfaatlari yo‘lida rivojlanishi kerak," deb ta’kidlaydi.
Har bir raqamli to‘lov ma’lumotlar uzatilishi bilan kechadi - ism, karta, joylashuv, xaridlar. Shu bois to‘lov ma’lumotlarini qayta ishlashni tartibga solish muhim vazifaga aylanmoqda. Yevropada buni GDPR (eur-lex.europa.eu, 2016/679), O‘zbekistonda esa "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonun ta’minlaydi. Biroq u hozircha xulq-atvor ma’lumotlariga asoslangan skoring yoki kredit reytinglari kabi avtomatlashtirilgan yechimlar xavfini to‘liq qamrab olmaydi.
Banklar va fintek platformalarining ma’lumotlar sizib chiqishi haqida xabar berish majburiyatini mustahkamlash, foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini nazorat qilish va o‘chirish huquqini berish, shuningdek, ulardan belgilangan maqsadlardan tashqari foydalanganlik uchun javobgarlikni o‘rnatish lozim.
Hatto raqamlashtirish eng rivojlangan davlatlar ham naqd pul ishonch infratuzilmasi ekanligini anglay boshladi. Germaniyada naqd pul bilan to‘lash huquqini asosiy erkinlik sifatida mustahkamlovchi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda (Bundestag DE, 2024-yil). Yaponiya va Janubiy Koreya Markaziy banklari esa tijorat banklariga minimal naqd pul zaxiralarini saqlashni majburiy qildi. Bu choralar fuqarolar kiberhujumlar yoki tizim uzilishlari paytida "oflayn pul"lardan foydalana olishlari uchun qabul qilingan (Yaponiya Banki, 2024; Koreya Banki, 2024).
Shu kabi yondashuv O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkin — qonunchilikda ikki tomonlama kirish tamoyilini mustahkamlash: onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi har bir subyekt naqd pul orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashga majbur bo‘lishi lozim.
Ammo bu algoritmlar noaniqligicha qolmoqda: odamlar kreditni ma’qullash yoki to‘lovni bloklash haqida qaror qabul qilishda tizim qanday ma’lumotlar va parametrlardan foydalanishini bilmaydi. Diskriminatsiyaning oldini olish uchun sun’iy intellekt qarorlarining tushuntirilishi tamoyilini va inson tomonidan qayta ko‘rib chiqish huquqini mustahkamlash lozim — bu GDPRning 22-moddasiga o‘xshash yondashuvdir.
Agar inson o‘zini qanday himoya qilishni bilmasa, eng mukammal qonun ham yordam bermaydi. Shuning uchun raqamli xavfsizlik har bir foydalanuvchi uchun ajralmas zaruratga aylanmoqda. Yevropada keksalarni havolalar va QR-kodlarni tekshirishga o‘rgatadigan "Digital Inclusion for Seniors" (European Commission, 2023) dasturlari mavjud. O‘zbekistonda foydalanuvchilarning raqamli xavfsizligi masalalarini tegishli tuzilmalar, jumladan Banklar uyushmasi va Kiberxavfsizlik markazi bilan hamkorlikda, ta’lim va ma’rifiy tashabbuslar orqali rivojlantirish mantiqan to‘g‘ri bo’ladi.
Raqamlashtirish — erkinlikning dushmani emas, agar inson “yo‘q” deyish imkoniyatini saqlab qolsa. Onlayn to‘lov qilmaslik huquqi texnologiyalarga qarshi norozilik emas, balki taraqqiyot insonni boshqarmasligi, aksincha unga xizmat qilishi kerakligini eslatishdir. Innovatsiyalar va mustaqillik, tezlik va xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni o‘rnata olgan davlat nafaqat zamonaviy to‘lov tizimini, shuningdek, yangi ishonch madaniyatini ham yaratadi - bunda texnologiya va erkinlik bir-birining hisobidan emas, balki yonma-yon yuradi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.