2023 yilning 7 fevralida Farg’ona viloyati Axborot xizmati Farg’ona viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida “Dalil.Uz” nashri jurnalisti ishi bo’yicha izoh berdi.
Voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in suhbatlarga sabab bo’ldi. Izoh qoldirganlar nashrga bosim haqida yozishgan.
27 yanvar kuni “Dalil.Uz” jurnalisti D.R. shaharning markaziy dehqon bozorida jurnalistik surishtiruv o’tkazayotgan edi. Muhbir va savdo bilan shug’ullanayotgan fuqarolar o’rtasida nizo yuzaga keldi.
Mazkur holat tuman IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv yakuniga koʻra, IIO xodimining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan “DalilUz” elektron axborot sayti muxbiri D.R., fuqarolar S.X va I.I.larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 194-moddalari tartibida, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni internet jahon axborot tarmogʻida tarqatgan fuqaro T.Gʻ.ga nisbatan 202 prim 2-moddasi bilan, shuningdek, fuqarolar M.H (videomurojaatdagi ayol) hamda I.Gʻ.larga esa 183, 202 prim 2-moddalari tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tuman sudiga yuborilgan.
183-modda. Mayda bezorilik
Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
194-modda. Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik
Ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik, xuddi shuningdek jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash vazifalarini amalga oshirayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
2022-modda. Yolg‘on axborot tarqatish
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, —bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Sud “DalilUz” elektron axborot sayti muxbiri D.R. fuqarolar, S.X., M.H., I.Gʻ va I.I. larga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq, fuqaro T.Gʻ.ga nisbatan BXMning 10 barobari miqdorida jarima jazolarini tayinlagan.
Xabar so’ngida axborot xizmati jurnalistlarga nisbatan ochiqligini ma’lum qilib, nashrlar xodimlarini qonun doirasida faoliyat yuritishga chaqirdi.
“Shu oʻrinda, Fargʻona viloyat IIB jurnalist va blogerlar uchun hamisha holislik va ochiqlikka tayyor ekanligini ma’lum qilib, oʻz faoliyatlarini qonunchilikka rioya qilgan holda olib borishlarini soʻraymiz”.
Manba: Farg’ona viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi sayti