Yangiliklar

Bolalar ombudsmani erta nikohlarni targ‘ib qilishga qarshi qonun me’yorlarini kiritishga chaqirmoqda

21-noyabr kuni bloger o‘zining Instagram akkauntida go‘yoki voyaga yetmaganlarning oilasi nikohdagi hayoti haqida hikoya qiluvchi rolikni joylashtirdi. Rollarni 2003-yilda tug‘ilgan J. N. va 2005-yilda tug‘ilgan S. R. ijro etgan. Ular 15 va 17 yoshli voyaga yetmagan ota-onalarni tasvirlashgan. Videoda bloger A. Sh. sahnalashtirilgan erta nikohni ijobiy izohlaydi.

Ushbu nashr yuzasidan Bolalar ombudsmani matbuot xizmati munosabat bildirdi

"Nikoh yoshiga yetmagan shaxslar bilan nikohni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarni taqiqlovchi maxsus qonun me’yorlarini kiritish zarur. Bola manfaatlariga zid bo‘lgan bunday holatlarga jamiyatimizda o‘rin yo‘q va ularga butunlay chek qo‘yish kerak."

Blogerning erta nikohni targ‘ib qilish bilan bog‘liq harakatlariga baho berish uchun Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra tuman IIB tomonidan tayyorlangan ish materiallari Termiz shahar sudiga yuborildi.

Ish materiallari ko‘rib chiqilgandan so‘ng, A. Sh. MJtK 202-2-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Unga BHMning 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. J. N. va S. R. ham bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan.

202 (2)-modda.

Yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish

Shaxsning qadr-qimmatini kamsitishga yoki uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar Sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar bo‘lsa yoki professional yordam kerak bo‘lsa, bepul yuridik maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz ekspertlari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini tushunishga yordam berishga va tegishli yechimlarni taklif qilishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bizga bugun murojaat qiling!