Янгиликлар

Huquq-tartibot organlari xodimlari bilan nizolashgan blogerlar 5 sutkaga qamaldi

"Новости Кашкадарьи" telegram-kanali yozishicha, joriy yilning 29-may kuni Shahrisabz shahrida blogerlar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan nizoga bordi. Hammasi esa Shahrisabz shahar YHXT boshlig'i F.Yangiboyev butunlay tonirovka qilingan, davlat raqamiga ega bo'lmagan Gentra avtomobilini ko'rib, mashina oldida turgan A.Abdullayevdan avtomobil kimga tegishli ekanini so'raganidan boshlagan. Bunga javoban bloger qo'pol ohangda bu uning avtomobili ekanini, hujjatlarni taqdim etish so'roviga esa, huquq-tartibot organi xodimiga hujjatlar kerak bo'lsa, ularni o'zi topib olishini aytgan.
So'ng F.Yangiboyev va YPX xodimlari mashinani jarima maydonchasiga olib ketishga harakat qildilar, biroq A.Abdullayev, M.Muzaffarov va U.Karimov bunga qarshilik ko'rsatishdi. Huquq-tartibot organlari xodimlari o'z atrofida ozmuncha odam yig'gan blogerlarni tinchitish uchun qo'shimcha kuchlarni jalb qilishga majbur bo'ldi.
Keyinchalik aniqlanishicha, Gentra avtomobili bloger M.Muzaffarovga tegishli bo'lib, u o'zboshimchalik bilan davlat raqamlarini yechib, tegishli ruhsatnomasiz oynalarni qoraytirgan. Bundan tashqari, avtomobilda yoritish va ovoz signallarini uzatish moslamalari o'rnatilgan.
Shahrisabz shahar jinoyat ishlari bo'yicha sudi 36 yoshli bloger A. Abdullayev, 35 yashar avtobloger M.Muzaffarov hamda 27 yashar bloger, "Nasaf news" nashri egasi U.Karimovga nisbatan qo'zg'atilgan ishni ko'rib chiqdi.


Sud qarori bilan, A. Abdullayev Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning qator moddalari, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikda aybdor deb topildi. U 5 sutka ma'muriy jazoga hukm qilindi.


U. Karimovga ham Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan 5 sutka ma'muriy jazoga loyiq topildi.


126-moddaning 1-bandi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor topilgan avtobloger M.Muzaffarov ham 5 sutka qamoq jazosini oldi.

126-modda. Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish

Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, bundan oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

183-modda. Mayda bezorilik

Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.