Yangiliklar

Menga Facebook messenjerida tahdid qilishyapti va pul talab qilishyapti. Nima qilish kerak?

Legalclinic yuristlariga berilgan savol

Men Facebook messenjerida reklama xizmati uchun murojaat qildim. Keyin esa xizmatni bekor qilishni soʻradim. Ammo oʻz xizmatini reklama qilgan ayol menga tahdid qila boshladi. U Facebook’da meni firibgar deb e’lon qilishini, hayotimni buzishini va meni «yer bilan bitta qilishini» aytdi.

Men juda qoʻrqib ketdim va unga pul joʻnatdim. Lekin bu unga kamlik qildi, endi u yana pul talab qilmoqda va agar bermasam, qarindoshlarim, tanishlarim va hamkasblarimga qoʻngʻiroq qilib meni sharmanda qilishini aytib tahdid qilmoqda. Men nima qilishni bilmayman, undan qanday qutulishni bilmayman.
Yurist javobi

Agar sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz sizning roziligingizsiz tarqatiladigan boʻlsa, bu qonunchilikning buzilishi hisoblanadi. Bunday harakat uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasi (Fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan ma’lumotlarni oshkor qilish), 46-1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) yoki 46-2-moddasi (Shaxsiy ma’lumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) boʻyicha ma’muriy javobgarlik qoʻllanilishi mumkin.

Pul talab qilish (tamagirlik) esa jinoyat hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.

Agar siz oʻz huquqlaringiz buzilayotganini his qilsangiz yoki sizga tahdidlar davom etsa va pul talab qilish holatlari kuzatilsa, yashash joyingizdagi ichki ishlar boʻlimiga yozma ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. Arizangizda barcha holatlarni koʻrsating va yozishmalarning skrinshotlarini ilova qiling.

Bu haqda tamagirlik qilayotgan shaxsga xabar bermang, shunda ichki ishlar xodimlari zarur tergov tadbirlarini tashkil etishlari mumkin boʻladi.
Agar Sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar tug‘ilsa yoki professional yordam zarur bo‘lsa, bepul huquqiy maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz ekspertlari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini aniqlashga va tegishli yechimlarni taklif qilishga yordam berishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bugun bizga murojaat qiling!