Янгиликлар

Qanday ma’lumotlarni Internetda e’lon qilish mumkin emas va nima uchun

Internetda chop etilgan shaxsiy ma’lumotlaringiz firibgarlarga yordam berishi mumkinligini bilasizmi? O‘zingizni himoya qilish uchun qaysi ma’lumotlar hech qachon ochiq bo‘lmasligi kerakligini bilish muhimdir.

Shaxsiy ma’lumotlar: ism, manzil, telefon raqami

Bir qarashda, bu ma’lumotlar hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Biroq, agar firibgarlar sizning manzilingiz yoki telefon raqamingizni bilishsa, ular undan maqsadli hujumlar, shantajlar yoki hatto uyingizga kirish uchun foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, bunday ma’lumotlardan ijtimoiy muhandislik (tajovuzkorlar qo‘shimcha ma’lumotni jalb qiladigan aldash usuli) uchun foydalanilishi mumkin.

Hujjatlar: pasport, haydovchilik guvohnomasi, STIR

Suratlar yoki hujjat raqamlari firibgarlar uchun haqiqiy xazinadir. Ular sizning nomingizdan kreditlar olish, shubhali saytlarda ro‘yxatdan o‘tish yoki soxta akkauntlar yaratish uchun foydalanishlari mumkin. Shunchaki do‘stlaringizga ko‘z-ko‘z qilyapman, deb o‘ylasangiz ham, bu xavfli.

To‘lov ma’lumotlari: karta raqamlari, CVV kodlari, chek skanerlari

Hech qachon bank ma’lumotlaringiz bilan bank kartalari yoki hujjatlarning fotosuratlarini joylashtirmang. Agar jinoyatchilar sizning manzilingiz yoki ismingiz kabi boshqa ma’lumotlarni bilib olsalar, hatto qisman shaxsiy ma’lumotlar ham pul o‘g‘irlash uchun ishlatilishi mumkin.

Real vaqtdagi joylashuv

Geolokatsiyalarni nashr qilish xavfli bo‘lishi mumkin, ayniqsa siz buni real vaqtda amalga oshirsangiz. Misol uchun, dengiz bo‘yida dam olayotganingiz haqidagi xabarlar sizning uyingiz bo‘sh ekanligini aniq ko‘rsatib beradi va yomon niyatli odamlar bundan foydalanishlari mumkin.

Login va parollar

Hisob qaydnomalaringiz bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlar maxfiy bo‘lishi kerak. Hatto parolga ishora qilish yoki bir xil kombinatsiyani bir nechta saytlarda takrorlash buzib kirish xavfini oshiradi.

Oila a’zolari haqida ma’lumotlar

Bolalarning fotosuratlari, ularning maktablari, yaqinlaringiz bilan bo‘lgan munosabatlaringiz — bu firibgarlar manipulyatsiya, shantaj yoki shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar.

Nima uchun ehtiyot bo‘lish muhim?

Internetda chop etilgan ma’lumotlar u yerda abadiy qoladi. Agar siz postni o‘chirib tashlasangiz ham, u boshqa birov tomonidan, masalan, skrinshot orqali saqlangan bo‘lishi mumkin. Yomon niyatli odamlar ushbu ma’lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalanishlari mumkin:

  • akkauntlaringizni buzish;
  • shaxsingizni o‘g‘irlash;
  • shantaj va manipulyatsiya;
  • obro‘ingizga putur yetkazish.

O‘zingizni himoya qilish uchun nima qilish kerak:

  • nashr qilishdan oldin, bu ma’lumotni kim ko‘rishi mumkinligini o‘ylab ko‘ring;
  • ijtimoiy tarmoqlarda maxfiylik sozlamalaridan foydalaning;
  • ommaga ochiq holatda boʻlishini istamagan maʼlumotlaringiz bilan bo‘lishmang;
  • boshqalar siz haqingizda joylashtirgan maʼlumotlarni koʻrib chiqing va unda maxfiyligingiz buzilgan bo‘lsa, uni olib tashlashni soʻrang.

Esingizda bo‘lsin: Internet — bu ma’lumotlar tez tarqaladigan joy va shaxsiy hayotingizni himoya qilish muhimdir. Uning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olish yaxshiroqdir.
Muallif: Asel Abatova

Manba: Factchecknet.uz

#Hamkorlik _maqolasi

Agar Sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar tug‘ilsa yoki professional yordam zarur bo‘lsa, bepul huquqiy maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz ekspertlari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini aniqlashga va tegishli yechimlarni taklif qilishga yordam berishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bugun bizga murojaat qiling!