Yangiliklar

Oʻzbekiston davlat ommaviy axborot vositalarining byudjeti 2025-yilda oshiriladi

Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun va uni ijro etish boʻyicha prezident qaroriga muvofiq, 2025-yilda Oʻzbekistondagi deyarli barcha davlat ommaviy axborot vositalarining byudjeti 2024-yilga nisbatan oshdi.

Milliy teleradiokompaniya byudjeti 1,6 baravar koʻpayib, 881,3 milliard soʻmni tashkil etdi. Kutilishicha, 2027-yilga borib bu koʻrsatkich 1 trillion soʻmdan oshadi.

Aholi orasida futbolni ommalashtirish uchun 108 milliard soʻm evaziga koʻchma televideniye stansiyasi xarid qilinadi. Shuningdek, “Oʻzbekiston 24” va “Mahalla” telekanallari toʻliq HD formatga oʻtkazish uchun 20 milliard soʻm ajratiladi.

Shunga qaramay, yaqin uch yilda telekoʻrsatuvlar hajmi oʻzgarishsiz qoladi – ular yillik 198,19 ming soatni tashkil etadi. Ammo joriy yilda radioefirlar 14 foizga koʻpayib, 60,08 ming soatga yetishi kutilmoqda. Telekanallar soni (26 ta) va radiokanallar soni (17 ta) oʻzgarishsiz qoladi.

Milliy axborot agentligi (UzA) byudjeti 35,2 milliard soʻmdan 40,7 milliard soʻmga oshadi (+15,4%).

2025-yilda UzA media sahifalarining obunachilari sonini ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar ulushiga nisbatan 3,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan (2026-yilda – 4%). Shuningdek, 9 xorijiy tilda chop etilgan maqolalar sonining umumiy yillik maqolalar hajmiga nisbatan ulushi 80 foizga yetkaziladi.

Matn, foto, video va audiomateriallar soni 95 mingga, yangi obunachilar soni esa yiliga 165 mingga yetkazilishi moʻljallangan. Axborot agentligi video va audiomateriallarining umumiy koʻrishlar soni 9,5 millionga yetishi kutilmoqda.

2025-yil davlat byudjetini ijro etish toʻgʻrisidagi prezident qaroriga binoan, “Yangi Oʻzbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Nurly Jol” va “Ovazi Tojik” gazetalarining byudjeti 65,65 milliard soʻmni tashkil etadi. Oʻtgan yili qozoq tilidagi “Nurly Jol” hamda tojik tilidagi respublika ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Ovazi Tojik”ni moliyalashtirish uchun 4,14 milliard soʻm ajratish rejalashtirilgan edi.