"Faoliyatimning to'xtashiga so'nggi voqealarning ham aloqasi bor. Meni bir fakt hayratga soldi. Sud zaliga kirganimdan so'ng men sudyadan bir necha bor bodikameradagi (IIB xodimining) yozuvni ko'rib chiqishni iltimos qildim. Lekin u buni inobatga olmadi. Sudda xodimni urmaganim va haqorat qilmaganimni aytdim. Sud zalida televizor bor, bodikameradagi yozuvni qo'yishlarini iltimos qildim, lekin ular buni inobatga olishmadi", - dedi Umid Karimov "Gazeta.uz" muhbiriga.
"Advokat so'raganimda ham javob bo'lmadi. Tanish huquqshunosga qo'ng'iroq qilishlarini va Zoom orqali ishtrokini ta'minlashlarini so'radim. Afsuski, bitta ham iltimosim qoniqtirilmadi. Shunchaki besh sutka berishdi va qo'yib yuborishdi. Shuning uchun ham ishimni to'xtataman", - dedi bloger.
"Qonun bizni himoya qiladi, deb o'ylagandik", - yakunladi Umid Karimov. Kelgusi rejalari to'g'risida so'rashganda, bu haqda o'ylab ko'rmaganini aytdi.
Avtobloger Maqsud Muzaffarov "himoya yo'qligi" uchun faoliyatini tugatganini aytdi.
Haqiqat yo'qligiga o'zim guvoh bo'ldim. Faoliyatimni davom ettirishim uchun himoya yo'qligini ko'rdim. Sodir bo'lgan voqea ko'zlarimni ochdi", - dedi u.
"Oliy sudgacha borish niyatim bor. Sudda bodikamera yozuvlarini ko'rsatishmadi. Agar ko'rsatganlarida biz aybdor emasligimiz, hech kimni ayblamaganimiz va boshqa punktlarga oydinlik kiritilardi. Bizni advokat bilan ta'minlashmadi. Tuhmatni isbotlashga O'zi yordam bersin", - ta'kidladi Maqsud Muzaffarov.
"Yoshlikda ko'p sho'xlik qilganman. 10-15 sutka men uchun yangilik emas. Lekin o'sha voqealar ta'sirida onam yuraklarini oldirib qo'yganlar, sog'liklari yomonlashgan - ikki marta insult bo'ldilar. Bunday "o'tqizishlar" ko'paygan paytda onamni sog'liklarini xavf ostiga qo'ya olmayman. Maqsud Muzaffarov misolida guvohi bo'ldingiz, sud uni eshitmadi, besh sutka berdi. Ertaga men ham bu holatga tushmasligimga hech kim kafolat bera olmaydi", - dedi bloger.
"Bunday holat sodir bo'lib, onam buni ko'tara olmasalar, onamni joniga zomin bo'lolmayman. Bundan keyin oddiy odamlar qatori yashamoqchiman. Hozircha dam olib, erkin va beg'am hayot kechirishni istayman. Kelgusi ish haqida o'ylab ko'rmadim", dedi Otabek Ortiqov.