Янгиликлар

May oyida “mehnat qonunchiligi” kategoriyasidagi savollar TOP beshtaligi

Legalclinic huquqshunoslari jurnalistlar, blogerlar va media xodimlari savollariga javob berishda davom etishyapti. Bugun siz uchun yuristlarimiz may oyida "mehnat qonunchiligi"ga oid javob bergan savollar TOP 5 taligini tayyorladik.
Xodim shu yili OTMga o'qishga kirmoqchi. Ish beruvchi o'qish vaqtida talabaga qanday sharoitlar yaratishi kerak?
Ta'lim muassasalarida o'qiyotgan, qayta tayyorlash o'tayotgan yoki malaka oshirayotgan xodimlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi bo'yicha ishlab chiqarishdan uzilmagan holda mutaxassislik bo'yicha o'qiyotgan ishchilar uchun ishni va ta'limni bir vaqtda olib borish uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratishi kerak.
Ta'lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o'qib, o'quv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq to'lanadigan qo'shimcha ta'tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga egadirlar.
Ta'lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o'qiyotganlarga yillik ta'tillarni ish beruvchi ularning xohishiga ko'ra imtihonlar va imtihon-laboratoriya sessiyalari vaqtiga to'g'rilab berishi shart.
Umumiy o'rta, o'rta maxsus professional, oliy ta'lim muassasalari va professional tayyorlash institutlari (kurslari), kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o'qiyotgan ishga yangi qabul qilingan xodimlarga mehnat ta'tillari xohishlariga ko'ra uni davlat attestatsiyasi yoki bitiruv malakaviy ish himoyasi yoki imtihonlar va laboratoriya-imtihonlariga bog'lab olmoqchi bo'lsalar, ishga qabul qilinganlariga olti oy bo'lmasdan olishlari mumkin.

Ishga qabul qilish vaqtida men kadrlar bo'limidagi suhbatdan muvaffaqiyatli o'tdim, ammo nashriyot rahbari bilan suhbatda u kishi mening uch nafar voyaga yetmagan farzandlarim borligini bilgach, meni ishga qabul qilmasliklariga ishora qilishdi. Ish beruvchining harakatlari qonuniymi?
Yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksining 392-moddasiga muvofiq, homiladorlik yoki farzandlari borligi tufayli xodimni ishga olishda rad javobini berish yoki oylik maoshini kamaytirish ta'qiqlanadi.
Ishga qabul qilishda rad javobi olingan taqdirda, homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga binoan ish beruvchi uch kun ichida ishga qabul qilishda rad javobini berishga asos bo'luvchi sabablarni yozma taqdim etishi, bu hujjat ishga qabul qilish huquqiga ega bo'lgan vakolatli shaxs tomonidan imzolangan bo'lishi kerak.
Yozma sabablarning taqdim etilmasligi ishga qabul qilishda rad javobi ustidan shikoyat qilishga to'sqinlik qilmaydi.
Homilador ayollar va oilaviy vazifalarni bajarayotgan shaxslar uchun yillik mehnat ta'tillari ro'yxatini tuzishda qanday imtiyozlar bor?
Homilador va farzand ko'rgan ayollarga ularning xohishiga ko'ra yillik mehnat ta'tili homiladorlik va tug'ruqdan oldingi va keyingi davrda ta'til beriladi.
Yillik mehnat ta'tilidan homilador ayollarni chaqirib olishga yo'l qo'yilmaydi.
Bola parvarishi uchun mehnat ta'tilidan foydalanayotgan xodim uchun hat yilgi ta'til uning xohishiga ko'ra bola parvarishi uchun ta'tildan oldin yoki keyin beriladi.
Ishlayotgan erkaklarga yillik mehnat ta'tili xohishlariga ko'ra ayolining tug'ruq ta'tili bilan bir vaqtda berilishi mumkin: birinchi mehnat yili uchun - ishlagan vaqtidan qat'iy nazar; kelgusi yillar uchun - ta'til taqdim etish grafigidan qat'iy nazar.
14 yoshgacha bo'lgan bir yoki bir necha farzand tarbiyalayotgan yolg'iz ota-onalar (beva erkak va ayollar, turmushdan ajrashganlar, yolg'iz onalar), tezkor harbiy xizmat harbiylarining ayollariga yillik mehnat ta'tili ular uchun qulay vaqtda taqdim etiladi.
Men blogerman, lekin rasman bir tashkilotning SMM bo'limida ishlayman. Agar meni ishdan bo'shatsalar, qaysi muddat ichida ishdan bo'shatish to'g'risidagi qarorni sud orqali bekor qila olaman?
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko'ra, yakka tartibdagi mehnat nizosini sud orqali hal qilish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;
boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.
Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.
Men 7 oy davomida internet-nashrda ishlab kelyapman. Mehnat ta’tilini olish uchun ishga qabul qilinganimga bir yil to’lishini kutishim kerakmi?
O’zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga muvofiq, birinchi ish yili uchun mehnat ta’tili ishga qabul qilingan sanadan olti oy o’tib beriladi.
Mehnat yili mehnat shartnomasiga ko’ra ishga qabul qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.