Янгиликлар

Video rolik uchun jarima. Shaxsiy diniy qarashlar chekishga qarshi

Toshkentda masjid yonida yo’lovchilarni diniy me’yorlarga asoslanib chekishni tashlashga chaqirgan yigit jarimaga tortildi.
Fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda A.X. ismli fuqaro (1999 yilda tug’ilgan) masjid yonida turib, yo’lovchilarni chekishdan qaytarayotgani aks etgan video tarqaldi. Xususan, u uning iltimosiga binoan o’t yoqqich uzatgan yo’lovchini tanqid qilgan. Uning so’zlaricha, yo’lovchi buning o’rniga uni chekishdan qaytarishi kerak edi.
Ichki ishlar organlari xodimlari yigit bilan profiaktik suhbat o’tkazib, tushuntirish ishlari davomida A.X. shaxsiy diniy qarashlariga asoslanib, chekishga munosabat boldirganini ta’kidlagan.
IIB roliklar muallifiga Konstitutsiyaning 25 va 27 moddalarini eslatib o’tgan.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
«Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas», — deyiladi munosabatda.
Ta’kidlanishicha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro A. X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184 prim 2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari ( 6 mln so’m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

184(2)-modda. Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish
Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, — materiallarni va ularni tayyorlash hamda tarqatish uchun tegishli vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, alohida ajratilgan joy va binolardan tashqari ish joyida, sog’liqni saqlash muassasalarida, ta’lim, sport-sog’lomlashtirish tashkilotlarida, yong’in xavfi yuqori va boshqa jamoat joylarida chekish O’zbekiston qonunchiligida man qilingan.
56(1)-modda. Jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish
Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, bundan tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar mustasno, — bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Sobiq adliya vaziri, ayni damda Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov uning so’zlariga ko’ra jamiyatda ixtilof va bo’linishga sababchi bo’lishi mumkin bo’lgan ba’zi domlalarning chiqishlari haqida fikr bildirdi. “O’zining diniy o’lchovlari bilan jamiyatga o’lchov qo’yishiga yo’l qo’ymaymiz, qonun bor”, dedi u. “Har kim o’z vijdoni oldida o’zi javob beradi”.

Chekish sog‘liq uchun zararli, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va salomatlik masalalari doimo katta ahamiyatga ega. Lekin ushbu jarayonda O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas, ayniqsa alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali va ushbu masalaga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qolaversa, ko‘p millatli va konfessiyali jamiyat sifatida, Konstitutsiyamizning 31-moddasida har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilab qo‘yilgan
Manbalar: Toshkent Shahar IIB sayti, Gazeta.uz