Yangiliklar

Ish joyidagi raqamli nazorat

Dunyoning ko‘plab fabrika va omborlarida xodimlar faoliyatini endilikda odamlar emas, balki algoritmlar kuzatmoqda. Sun’iy intellektli kameralar konveyerdagi harakat tezligini tahlil qiladi, dasturiy ta’minot esa operatsiyalar orasidagi har bir to‘xtalishni qayd etib boradi. Avtomatlashtirilgan tizimlar xodimlarning mehnat unumdorligi to‘g‘risida hisobotlar tuzishi va hatto intizomiy choralar ko‘rishni tashabbus qilishi ham mumkin. Dastlab ishlab chiqarishni optimallashtirish maqsadida yaratilgan texnologiyalar asta-sekin mehnat ustidan doimiy raqamli nazorat vositasiga aylanib bormoqda.

Boshqaruvning ushbu modeli algoritmik menejment (algorithmic management) deb nomlandi. Unda an’anaviy rahbarlarning ko‘plab vazifalarini raqamli tizimlar bajaradi: ular topshiriqlarni taqsimlaydi, xodimlarning ish samaradorligini baholaydi va ish jarayoni to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar to’playdi.

Eng ko‘p muhokama qilingan misollardan biri Xitoy korxonalarida ishchilarni kuzatish amaliyoti bo‘ldi. South China Morning Post surishtiruvi xodimlarning himoya dubulg‘alariga o‘rnatilgan sensorlar bilan o‘tkazilgan tajribalarni tasvirlaydi. Ushbu qurilmalar ishchilarning miya faoliyati va hissiy holati ko‘rsatkichlarini qayd etib, menejerlarga ishlab chiqarishdagi charchoq va stress darajasini kuzatish imkonini berdi.

Biometrik sensorlardan tashqari, ko‘plab Xitoy fabrikalarida kompyuter ko‘rish tizimlari ham qo‘llaniladi. Sun’iy intellekt algoritmlari bilan jihozlangan kameralar konveyerdagi xodimlarning harakatlarini tahlil qiladi va operatsiyalarni bajarish tezligini baholaydi. MIT Technology Review ma’lumotlariga ko‘ra, bunday texnologiyalar kompaniyalarga real vaqt rejimida xodimlar samaradorligini kuzatish va belgilangan me’yorlardan chetga chiqishlarni tezda aniqlash imkonini beradi.

Raqamli nazorat tizimlaridan G‘arb kompaniyalarida ham faol foydalanilmoqda. Bunga Amazon logistika markazlari eng yorqin misollardan biri bo‘la oladi. Bu yerda algoritmlar buyurtmalarga ishlov berish tezligini tahlil qiladi hamda xodim bevosita ish bilan band bo‘lmagan vaqtni, ya’ni “Time Off Task” (TOT) deb ataluvchi davrlarni qayd etib boradi. Bu ko‘rsatkichlar xodimlarning ish samaradorligini baholashga bevosita ta’sir qiladi.

Ba’zi hollarda algoritmlarning roli yanada muhimroq bo‘ladi. The Verge surishtiruviga ko‘ra, agar xodimning mehnat samaradorligi ko‘rsatkichlari uzoq vaqt davomida belgilangan me’yorlardan past bo‘lib qolsa, Amazon’ning avtomatlashtirilgan tizimlari mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xabarnoma shakllantirishi mumkin.

Biznes nuqtayi nazaridan bunday texnologiyalar aniq afzalliklarga ega. Ma’lumotlarni tahlil qilish kompaniyalarga ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, logistika tizimidagi kamchiliklarni tezroq aniqlash va ish yuklamasini samaraliroq taqsimlashga yordam beradi. Global raqobat sharoitida bunday vositalar unumdorlikni oshirishning muhim qismiga aylanmoqda.

Biroq samaradorlik oshishi bilan birga yana bir muammo — xodimlar ustidan raqamli kuzatuv ko‘lami ham kengaymoqda.

Ada Lovelace Institute tadqiqotiga ko‘ra, algoritmlar tobora ko‘proq menejer vazifalarini bajarmoqda: ular vazifalarni taqsimlaydi, samaradorlikni tahlil qiladi va xodimlarni boshqarish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantiradi. Shu bilan birga, xodimlarning o‘zlari ko‘pincha tizim tomonidan aynan qaysi parametrlar baholanishini va ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari qanday hisoblanishini tushunmaydilar.

Inson huquqlari tashkilotlari bunday tizimlar ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi hokimiyat nomutanosibligini kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Human Rights Watch hisobotida ta’kidlanishicha, raqamli monitoring texnologiyalari ko‘pincha kam haq to‘lanadigan ishchilarga nisbatan qo‘llaniladi - masalan, fabrikalar, omborlar yoki yetkazib berish sohasida. Bu esa doimiy texnologik kuzatuv va ishchilarga yuqori bosim o‘tkazish holatiga olib kelishi mumkin.

Yevropada ish joylarida raqamli nazorat yuzasidan olib borilayotgan bahs-munozaralar allaqachon qonuniy yechimlarga olib keldi. Fransiyaning Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha regulyatori (CNIL) Amazon kompaniyasini ombor xodimlarini haddan tashqari qattiq nazorat qilgani uchun 32 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Regulyatorning xulosasiga ko‘ra, nazorat tizimining ayrim unsurlari mutanosiblik hamda xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish tamoyillariga zid bo‘lgan.

Yevropadagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ham raqamli mehnat monitoringi insonning asosiy huquqlariga, jumladan, shaxsiy daxlsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Huquqiy nuqtai nazardan, asosiy masala biznes manfaatlari va xodimlar huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni qanday ta’minlashdan iborat. Kompaniyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun ma’lumotlardan foydalanishdan manfaatdor. Biroq, haddan tashqari raqamli nazorat shaxsiy daxlsizlikning buzilishiga va algoritmlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning noshaffofligiga olib kelishi mumkin.

Huquqshunoslar va tadqiqotchilar bunday texnologiyalarni tartibga solishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta tamoyilni taklif qilmoqda.

Birinchidan, algoritmlar shaffofligi: xodimlar o‘z ish faoliyatini baholashda qanday ma’lumotlar yig‘ilayotganini va ulardan qanday foydalanilishini tushunishlari lozim.

Ikkinchidan, monitoring mutanosibligi: ma’lumotlar yig‘ish faqat mehnatni tashkil etish uchun zarur ko‘rsatkichlar bilangina cheklanishi kerak.

Uchinchidan, insoniy qaror huquqi: intizomiy chora qo‘llash yoki ishdan bo‘shatish kabi muhim kadrlar masalalari to‘laligicha algoritmlar ixtiyoriga topshirilmasligi kerak.

Sun’iy intellektning rivojlanishi davom etgani sari mehnat jarayonini boshqarishda algoritmlarning ahamiyati tobora ortib boradi. Shu bois monitoring texnologiyalari haqidagi bahslar endi faqat texnik masala bilan cheklanmaydi. Bu mavzu raqamli huquqlar — xususan, shaxsiy hayot daxlsizligi, algoritmlarning ochiqligi va raqamli iqtisodiyotda adolatli mehnat sharoitlari kabi masalalarni qamrab olgan kengroq munozaraning bir bo‘lagiga aylanmoqda.