Yangiliklar

2026-yil - sun’iy intellektni reklama qilish tugab, uni tekshirish boshlanadigan davr

Bir necha yillik jadal rivojlanish va milliardlab investitsiyalardan so‘ng, 2026 yilni tobora ko‘proq “haqiqat sinovi” bosqichi sifatida tasvirlashmoqda. Stanford HAI bu o‘zgarishni juda aniq ifodalaydi: hayajonli ritorika o‘rnini baholash zarurati egallamoqda. Savol endi “sun’iy intellekt buni qila oladimi” emas, balki ancha yetuk va noqulayroq bo‘lgan “qanchalik yaxshi, qanday narxda va kim uchun” degan masalaga ko‘chmoqda.

Optikaning bu o‘zgarishi nafaqat texnologiyalarni kuzatuvchilar uchun muhim. Bu bevosita raqamli huquqlar bilan bog‘liq, chunki o‘lchovlar va javobgarlik bo‘lmagan joyda odatda oddiy foydalanuvchi zarar ko‘radi. Ma’lumotlardagi xatolar qarorlardagi xatolarga aylanadi, "aqlli" xizmatlar shaffofligini yo‘qotadi, oqibatlarni esa rad etish yoki shikoyat qilish ancha qiyinlashadi.

Suveren sun’iy intellekt va global infratuzilma poygasi

Stanford HAI hammudiri Jeyms Landey ta’kidlayotgan eng sezilarli tendensiyalardan biri - “sun’iy intellekt suvereniteti” haqidagi munozaralarning tezlashuvi. Uning fikricha, davlatlar sun’iy intellekt yetkazib beruvchilaridan va AQShning siyosiy tizimidan mustaqillikni namoyish etishga intiladi. Amalda bu turlicha ko‘rinishi mumkin. Bir variantda davlat o‘zining yirik modelini yaratadi, boshqa variantda esa xorijiy modelni o‘z infratuzilmasida ishga tushiradi, shunda ma’lumotlar mamlakat hududidan tashqariga chiqmaydi. Shu bilan birga, atamaning o‘zi hali aniq ta’rifga ega emas va uning atrofida ko‘plab amaliy bahslar bo‘ladi.

Suverenitet mantiqi tez orada raqamli huquqlarga oid real savollarga olib keladi. Fuqarolarning ma’lumotlari jismonan qayerda saqlanadi? Ularga kimlar kirish huquqiga ega? Audit va shaffoflik bo‘yicha qanday talablar mavjud? Va agar texnologik “mustaqillik” amalda yopiq tizimga, jamiyat nazoratining yo‘qligiga aylanib qolsa, buning uchun kim javob beradi?

Kutilmalar pufagi va muvaffaqiyatsizliklar sonining ortishi

Landey shuningdek, 2026 - yilda sun’iy intellekt va’da qilingan unumdorlik o‘sishini, ayrim aniq yo‘naltirilgan sohalardan tashqari, bermagani haqida ko‘proq ochiq tan olishlar paydo bo‘lishini va muvaffaqiyatsiz loyihalar soni ortishini bashorat qilmoqda. Uning bahosida muhim bir eslatma bor: bir nuqtada “dunyoning barcha pullarini bitta ishga sarflash”ning imkoni qolmaydi va bozor keskin savollar bera boshlaydi.

Foydalanuvchilar uchun bu juda oddiy xulosaga olib keladi. Agar texnologiya o‘lchab bo‘ladigan foyda uchun emas, balki moda uchun joriy etilgan bo‘lsa, xatolar va nojo‘ya ta’sirlar xavfi oshadi. Demak, chiroyli taqdimotlardan ko‘ra samaradorlik va xavfsizlikni isbotlashni talab qiladigan qoidalar ahamiyati ortadi.

Sun’iy intellekt iqtisodiyoti bahslardan o‘lchovlarga o‘tmoqda

Iqtisodchi Erik Brinyolfsson xuddi shu maqolada sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini muntazam o‘lchash bosqichiga o‘tilayotganini ta’kidlaydi. U sun’iy intellekt qayerda unumdorlikni oshirishi, qayerda ishchilarni siqib chiqarishi va qayerda yangi rollarni yaratishini ko‘rsatadigan yuqori chastotali "monitoring panellari" paydo bo‘lishini kutmoqda.

Bu muhim o‘zgarish, chunki u muloqot tilini o‘zgartiradi. Umumiy bayonotlar o‘rniga tekshirish va taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan joyda esa adolatliroq siyosat uchun imkon tug‘iladi — qayta tayyorlash dasturlari, bandlikni qo‘llab-quvvatlash, texnologik o‘zgarishlar tufayli zaif holatga tushib qolganlar uchun himoya choralarini ishlab chiqish.

Huquqiy sun’iy intellekt sifat va xavf-xatar standartlari orqali o‘sib bormoqda

Huquqda bu burilish ayniqsa keskin seziladi. Professor Julian Nyarko advokatlik firmalari va sudlar endi “sun’iy intellekt yozishni biladimi” degan savolni kamroq berishlarini va ko‘proq u real jarayonlarda qanchalik yaxshi ishlayotgani, qanday ma’lumotlarga asoslangani va qanday xavf bilan ishlayotgani haqida so‘rashlarini kutmoqda. Aniqlik, havolalar va iqtiboslarning to‘g‘riligi, maxfiylik va imtiyozlar masalalari, shuningdek, hujjatlar va bilimlar bilan kundalik ishlashda o‘lchanadigan samaradorlik diqqat markazida bo‘ladi.

Raqamli huquqlar nuqtai nazaridan bu deyarli ideal mantiq. Agar vosita yuridik ahamiyatga ega qarorlarga ta’sir qilsa, u “qora quti” bo‘lib qolishi mumkin emas. Uning sifati tekshirilishi, xavflari tavsiflanishi, mas’uliyati esa aniq bo‘lishi kerak. Aks holda texnologiya huquqning o‘zini almashtira boshlaydi.

Bu mantiq O‘zbekistonda qanday namoyon bo‘ldi

Shov-shuvdan tekshiruvga o‘tish jarayoni bizning kontekstimizda ham sezilmoqda. 2026-yil 21-yanvarda O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilovchi va ushbu sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquqlarini yanada kuchliroq himoya qiluvchi O‘RQ -1115-sonli Qonun qabul qilindi.

Unda raqamli huquqlarga bevosita taalluqli bo‘lgan va oddiy tilda tushuntirish oson bo‘lgan ikki norma mavjud.

Birinchisi. Insonning huquq va erkinliklariga ta’sir qiladigan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlarining xulosalariga tayanish taqiqlanadi. Ya’ni “kompyuter shunday chiqardi” degan asos huquqlar masalasida yagona dalil bo‘la olmaydi.

Ikkinchisi. Sun’iy intellektdan foydalanib shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy qayta ishlash, shuningdek bunday ma’lumotlarni OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet orqali tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi. Qonun matnida jarima miqdori diapazoni va huquqbuzarlik predmetlarini musodara qilish imkoniyati ko‘rsatilgan.

Bu "baholash davri" ruhidagi muhim signaldir. Davlat sun’iy intellekt shunchaki innovatsiya emas, balki muayyan xatarlar manbai ekanligini va bu xatarlar qonuniy oqibatlarga olib kelishi kerakligini qayd etadi.

Agar barcha yo‘nalishlarni birlashtirsak, 2026 yil sun’iy intellekt haqidagi suhbatning yetilish nuqtasi sifatida ko‘rinadi. Dunyo miqyosida - etrikalar, testlar, standartlar va foydani isbotlash talablari orqali. Bizda esa - texnologiyalar insonning huquqlari va ma’lumotlariga ta’sir qila boshlaganida uni himoya qiladigan tamoyillarni mustahkamlash orqali.

Shu sababli bugun har qanday “aqlli” xizmatga beriladigan eng amaliy savol sehr yoki kelajak haqida emas. U juda hayotiy tarzda yangraydi. Tizim nima qiladi? Qaysi ma’lumotlarga tayangan? Bu insonga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Va agar u xato qilsa, nima bo‘ladi?
2026-02-13 17:56