Янгиликлар

“Layk uchun otamni kaltaklayman” 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi

Tarmoqda Chirchiqlik blogerning videosi paydo bo‘ldi, u videosi 24 soat ichida 100 ming layk to‘plasa, otasini kaltaklashini, videosi 200 ming layk to‘plasa, uni qariyalar uyiga yuborishini ma’lum qildi.
Video e’lon qilingandan so‘ng, huquq-tartibot idoralari bloger bilan bog‘lanib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi va u uzr so‘rab, boshqa blogerlarni bunday kontent yaratmaslikka chaqirdi.
4-noyabr kuni IIBB axborot xizmati rahbari rasmiy telegram kanalida holatga huquqiy baho berish maqsadida videomurojaat Toshkent viloyati IIBB nazoratiga olinganini ma’lum qildi.
Keyinchalik IIBB matbuot xizmati bloger O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgani va 15 (o‘n besh) sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingani to‘g‘risida xabar berdi.
183-modda. Mayda bezorilik

Mayda bezorilik, ya’ni jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzadigan jamoat joylarida haqoratli so‘zlarni ishlatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz tarzda shilqimlik qilish va shunga o‘xshash boshqa xatti-harakatlar orqali ifodalangan jamiyatda o‘zini tutish qoidalarini ongli mensimaslik, - bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olinishiga sabab bo‘ladi.
Agar Sizda huquqlaringizni himoya qilish bilan bog‘liq savollar tug‘ilsa yoki professional yordam zarur bo‘lsa, bepul huquqiy maslahat olish uchun mediahuquqshunoslarga murojaat qiling. Legalclinic.uz ekspertlari vaziyatingizning huquqiy jihatlarini aniqlashga va tegishli yechimlarni taklif qilishga yordam berishga tayyor. Maxfiylik kafolatlanadi, savolni anonim tarzda berish mumkin. Malakali yordam olish uchun bugun bizga murojaat qiling!
2024-11-08 11:32