Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar o'g'rilari haqidagi axborotlar tarqayapti. Mazkur xabarlar ostida bir necha nafar ayollar surati va ularning shaxsiy ma'lumotlari berilgan. Maqolalar ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in bahslarga sabab bo'ldi.
46(2)-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
Shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Toshkent shahar IIB da holat yuzasidan izoh berishdi: Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar o'g'rilari to'g'risida haqiqatga to'g'ri kelmaydigan axborotlar tarqayapti. Maqolalar ostida bir necha nafar ayolning surati va ularning shaxsiy ma'lumotlari berilib, bahslarga sabab bo'lyapti.
Hurmatli fuqarolar, kimgadir qaratilgan asossiz ayblovlarga ishonmaslikni va aholi o'rtasida xavotir va norozilikni keltirib chiqaruvchi soxta vahimaga sabab bo'lmaslikni so'rab qolamiz.
Yodda tuting, yolg'on axborotni tarqatish, shuningdek, kishining roziligisiz uning shaxsiy ma'lumotlarini tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka tortish uchun asos bo'ladi.
202(2)-modda. Yolg‘on axborot tarqatish
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.