“Ichki ishlar organlari to’g’risida”gi Qonun
9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lgan haqqoniy axborotni olish huquqiga ega, foydalanilishi qonun bilan cheklangan axborot bundan mustasno. Ichki ishlar organlari “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanilishini ta’minlaydi.
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to’g’risida”gi Qonun
7-modda. Axborotdan foydalanuvchi va uning huquqlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchidir.
Axborotdan foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi ishonchli axborotni olish va tarqatish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida ushbu Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan axborotni olish uchun bevosita yoxud o‘z vakillari orqali so‘rov bilan murojaat etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishni rad etish.
Axborotdan foydalanuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
4-modda. Jamoatchilik nazoratining obyekti
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablarining ijro etilishini ta’minlashga;
o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga;
davlat xizmatlarini ko‘rsatishga;
ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining obyektidir.